O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 2-noyabrdagi videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan edi. Ushbu tashabbus doirasida “Parrandasanoat” uyushmasi ham faol ishtirok etib, mamlakatimiz ekologik barqarorligiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Joriy yilda uyushma markaziy apparati vakillari tomonidan Toshkent viloyati Qibray tumanidagi Sh.RaShidov nomidagi parrandachilik fabrikasi hududida 80 tupdan ortiq mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Daraxtlar nafaqat meva beruvchi manba, balki atrof-muhit musaffoligiga xizmat qiluvchi muhim tabiiy resursdir. Ular havoning tozaligi, inson salomatligi uchun zarur kislorod manbai sifatida muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, daraxtlar changni yutish, tabiatga ko‘rk berish va ekologik muvozanatni saqlashda ajralmas bo‘g‘in sanaladi.
“Yashil makon” loyihasi orqali ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan yaratuvchanlik va go‘zallik an’analari davom ettirilmoqda. Har birimizga tabiatni asrash, nihol ekish va uni parvarish qilish orqali kelgusi avlodga go‘zal, sof tabiatni meros qoldirish vazifasi yuklangan. Shunday ekan, har bir qadamimiz ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan bo‘lishi lozim.
“Parrandasanoat” uyushmasining ushbu ezgu tashabbuslari mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.