Parranda go‘shti inson salomatligi uchun juda foydali. 100 gr tovuq go‘shtida 18-21 gr oqsil, 16-18 gr yog‘, 0,5 – 0,7 gr uglevodlar mavjud bo‘lib, 180-240 kkal energiya mavjud.
Respublikamizda 2022-yil 1-dekabr holatiga 595 ta xo‘jalikda yurtimiz aholisi uchun sifatli va hamyonbop narxlarda parranda go‘shti yetishtirilmoqda. Shundan 277 tasi dehqon, 94 tasi fermer xo‘jaliklari va 224 tasi qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchi korxona sifatida faoliyat yuritmoqda.

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida faoliyat yurituvchi “Kattaqo‘rg‘on parranda” MChJ ham ko‘p yillardan buyon parranda go‘shti yetishtirish bilan shug‘ullanadi.
– Korxonamiz 2000-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Tovuqxonalarimizda Turkiya texnologiyasidan foydalanilgan. Aviagen kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlaymiz. Ularning “Ross-308” krossini Respublikamizga eng birinchi biz olib kelganmiz. Tovuqxonalarda to‘liq hajmda 1 mln 60 ming dona parranda boqish quvvatiga egamiz. Hozirda 500 ming bosh “Ross-308” krossli parranda boqib kelmoqdamiz. Yiliga 4000 tonnadan ortiq mahsulot yetishtiramiz, mahalliy dillerlar orqali yurtimizning barcha viloyatlari bozorlariga yetkazib beramiz, – deydi MChJ direktori o‘rinbosari Saidjon Saliyev.
“Kattaqo‘rg‘on parranda” MChJda naslchilik xo‘jaligi va inkubatoriya ham mavjud bo‘lib, 80 ming bosh ota-ona galasi parvarishlanmoqda. Ko‘plab xo‘jaliklarga 1 kunlik jo‘ja va inkubatsion tuxum ham yetkazib bermoqda.


Xo‘jalikda 570 ming dona tuxum ochirishga mo‘ljallangan inkubatoriya ham mavjud. 15 ta sexdan iborat naslchilik xo‘jaligimizda yetishtirilgan tuxumlarni “Real agro krystal”, “Jiyanbek agro ta’minot tayyorlov”, “Yasmina, Jasmina, Malak” kabi MChJlarga 1 kunlik jo‘ja, “Zarbdor parranda”, “Mironqul broyler” MChJlarga inkubatsion tuxum holatida yetkazib bermoqdamiz, – deydi S.Saliyev.
“Kattaqo‘rg‘on parranda” MChJda broyler tovuqlar vaksinatsiyasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. 1 kunlikda bronxit va nyukasl kasalliklariga qarshi Ma5 + KLONE 30, 3 kunligida grippga qarshi H9, 10 kunligida bronxitga qarshi H120, 14 kunligida Gumboro, 20 kunligida yana bronxitga qarshi 4/91, 22 kunligida nyukaslga qarshi “AviPro ND Lasota” vaksinalari bilan emlanadi.

MChJda yem ishlab chiqaruvchi sex ham mavjud. Sexda Xitoy texnologiyasi o‘rnatilgan bo‘lib, soatiga 5 tonna yem ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona Latviyadan soya, Rossiyadan premikslar sotib olishadi. Ozuqaning boshqa komponentlari – bug‘doy, makkajo‘xori, yog‘ mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqaruvchilar yetkazib bermoqda.
“Kattaqo‘rg‘on parranda” MChJ “Halol” sertifikatiga ega. Kelajakda to‘liq hajmda ishlab, xorijiy mamlakatlarga parranda go‘shti eksport qilish rejalashtirilmoqda.

“Parrandasanoat” uyushmasi axborot xizmati