Parrandachilik – chorvachilikning muhim tarmog‘i bo‘lib, aholiga qimmatli oziq-ovqat mahsulotlari bo‘lgan go‘sht, tuxum va yengil sanoatga pat xomashyosini yetkazib berish uchun xizmat qiladi. Chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish o‘zining tashkiliy va tarkibiy xususiyatlari bilan dehqonchilik mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlaridan farq qiladi va o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Parrandalar nafaqat go‘shti, tuxumi, balki pati uchun ham boqiladi. Bu soha hozirga kelib chorvachilikdagi asosiy yo‘nalishlardan biriga aylanib ulgurdi. Buning sababi – parranda boqish katta xarajat talab qilmaydi, saqlash inshootlari juda oddiy.

Shu bilan birga, sohani yana-da jadal rivojlantirishga, jumladan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonini modernizatsiya qilish va tayyor parrandachilik mahsulotlari eksportini kengaytirishga to‘sqinlik qilayotgan qator muammolar mavjud.

Hozirgi kunda parrandachilikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimizda parrandachilik sohasini rivojlantirish va eksportga mo‘ljallangan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, shuningdek aholini mahalliy ishlab chiqarilgan sifatli va arzon parrandachilik mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tavsiyanomani yozishda parrandachilik, asosan go‘sht yo‘nalishiga moslashtirilgan parrandachilik xo‘jaliklarini rivojlantirish, ularni saqlash, oziqlantirish, kasalliklarini oldini olish va davolash, mahsulot hajmini oshirishda veterinariya hamda zoogigiyenik jihatlari mualliflar tomonidan bajarilgan ilmiy-uslubiy ishlardan va ko‘p yillar davomida to‘plangan amaliy ko‘nikmalardan foydalanildi.

Harorat: – broyler joʻjalari uchun asosiy omillardan hisoblanib, bunda haroratni belgilangan me’yor boʻyicha saqlash kerak. Harorat oʻzgarganda (baland yoki past) joʻjalar orasida oʻsish va rivojlanishda tengqurlaridan orqada qolish, immunitet tizimi tushib ketishi bilan ifodalanadi.

Klinik belgilari: – harorat oʻzgarganda (baland yoki past) joʻjalar axlat chiqarishida tovushli kuchanish, axlati koʻpiksimon, suvsimon holatda boʻlishi kuzatiladi. Harorat baland boʻlsa joʻjalar tanasida namlik koʻtariladi, koʻp suv ichadi, immun tizimi pasayib nobud boʻlishgacha olib keladi. Harorat belgilangan me’yordan past boʻlsa, kasalliklarga chalinuvchan boʻlib qoladi. Em xarajatlari oshib ketadi. Misol: 1 oylik joʻjani 240C da saqlash kerak. Siz 200Cda saqlasangiz, egan oziqani vazn toʻplash emas, oʻzini tana haroratini isitish uchun sarflaydi. Xonadagi termometrlar joʻjalar yuradigan joylarda oʻrnatilishi lozim. Xona issiq boʻlsa joʻjalar isitish sistemasidan uzoqlashadi, sovuq boʻlsa isitish sistemasiga yaqinlashadi. Me’yorda boʻlsa xona boʻylab bir xil tarqaladi.

Joʻjalar parvarish qilinayotgan xonaning harorati belgilangan me’yorga nisbatan oʻzgaradigan boʻlsa, joʻjalar bir-biriga yaqinlashib ustma-ust boʻlib toʻplanib qoladi. Bu holat asoratlaridan tagida qolganlari shu zahoti nobud boʻladi, qolgan majruhlari soʻyish kunigacha nobud boʻladi. Natijada shu partiya joʻjalarda har kuni oʻlim (padyoj) kuzatiladi.

Harorat me’yorlari:Transportirovkada (mashinada)24 0 C1-hafta32 0 C2-hafta30 0 C3-hafta28 0 C4-hafta26 0 C5-hafta24 0 C

Yorugʻlik. Broyler joʻjalari uchun me’yoriy daraja belgilangan boʻlib, 1-10 kungacha boʻlgan joʻjalarga 1m3 hajmga 60 lyuks, 10 kundan keyin 40 lyuks, yorugʻlik me’yordan yuqori boʻlsa, joʻjalarning markaziy nerv sistemasiga salbiy ta’sir qilib, bir-birini choʻqishiga olib keladi (kannibalizm), yorugʻlik me’yoridan past boʻlsa, koʻrish tizimi yaxshi rivojlanmaganligi sababli buyumlarni koʻrish darajasi sezilarli darajada susayadi.

Yorugʻlikni oʻchirib, yoqish usullari. Bu usullar har-xil boʻlib, soat 23:00dan 00:00ga qadar bir sutkada bir marotaba qoʻllaniladi. Amerkancha usulda Rele-avtomat orqali 00:00dan 06:00ga qadar bir soat oʻchiriladi, bir soat yoqiladi. Bu usullarning samarali tarafi shundaki organizm dam oladi, oshqozon-ichak tizimi faoliyati yaxshilandi, ovqat hazm tizimi kasalliklari kamroq uchraydi. Chiroqlarni oʻchirishni broyler joʻjalarga 11-kunidan boshlab qoʻllash tavsiya etiladi. Sababi 1-10 kunlari joʻjalar nozik boʻladi. Toʻplanib qolgan vaqtlari tagida qolgan joʻjalar yuzaga chiqa olmay nobud boʻladi.

Havo almashinishi. Bu jarayon joʻjalarni toza havo bilan ta’minlab, xonadagi zararli gazlarni va namlikni tashqariga chiqaradi. Xonada ventelyatsiya jarayoni talabga javob bermasa karbonat angidrid, ammiak va boshqa zararli gazlar koʻpayib, namlik darajasi oshib ketadi. Natijada joʻjalar qoni tarkibida azot miqdori koʻpayib, ishtaha pasayishi, immunitet tizimi tushishi, nafas yoʻli va oshqozon-ichak tizimida oʻzgarishlar paydo boʻladi. Koʻz shilliq pardasini yalligʻlanishi (konyuktivit), havo kannibalizm (vozdushniy kannibolizm) va boshqa kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Ventelyatsiya jarayoni joʻjalarning birinchi kunidan to goʻshtga topshirilguncha boʻlgan muddat oraligʻida doimiy ravishda amalga oshirilib borilishi lozim.

Ventilyatorlar katta-kichik boʻladi. Joʻjalarning kunligiga qarab foydalaniladi. Joʻja xonalarining tomida tirqishlar (vityajka) boʻlishi kerak. Ventelyator ishlaganda eshik va fortochkalar yopiq boʻlishi kerak. Elvizak (skvoznyak) hosil boʻlmasligi uchun.

Suv tizimi. Avvalombor parrandalarga beriladigan suv davlat mikrobiologiya laboratoriyasi tekshiriuvidan oʻtgan boʻlishi shart. Joʻjalar ozuqalangandan keyin ozuqa tarkibidagi yogʻ, oqsil, aminokislotalar, vitaminlar, mineral moddalar va hakozolarni organizm boʻylab tarqalishida suv katta ahamiyatga ega. Joʻjalarni suvsiz qolishi nobud boʻlishigacha sabab boʻladi. Joʻjalarga beriladigan suvning harorati 24 0C boʻlishi lozim. Agar belgilangan me’yordan past boʻlsa nafas yoʻllari, oshqozon-ichak tizimi yalligʻlanishiga sabab boʻladi. Harorat me’yordan baland boʻlsa egan ozuqasi bilan oshqozon-ichak tizimida xamirsimon massaga aylanib, ich oʻtishiga sabab boʻladi. Suv idishlari hamisha toza boʻlishi shart. Suv idishlar shilimshiq modda, dori vositalari qoldiqlari, toʻshama va axlatlardan tozalanib turilishi kerak. Joʻjaxonada har bir partiyadan keyin suv tizimi quvurlarini yaxshilab yuvib, tozalab dezinfeksiya qilish maqsadga muvofiq. Joʻjalarni yoshiga qarab ularning suv idishlari ham yuqoriga koʻtarilishi kerak boʻladi.

Namlik. 1-10 kunlik joʻjalarda namlik miqdori 40-50%, 10-kundan keyin 60-70% boʻlishi kerak. Namlik me’yordan oʻzgarganda (yuqori yoki past) yuqori nafas yoʻli va oʻpkada oʻzgarishlar sodir boʻladi.

Toʻshama. Sholi qipigʻi, yogʻoch qipigʻi (opilka), pista poʻchogʻi va somondan foydalanish mumkin. Toʻshamalardan foydalanishda yot jismlardan ehtiyot boʻlish kerak (sim, mix, yogʻoch boʻlaklari va hakozolar).

Birinchi oʻn kunlikda agar yogʻoch qipigʻidan foydalanilganda arradan oʻtgan qipiqni ishlatmaslik kerak. Sababi emga oʻxshaydi, joʻjalar eb qoʻyishi mumkin. Soʻngra oshqozon-ichak tizimiga tiqilib joʻjalar nobud boʻladi. Oʻn kunlikgacha boʻlgan parrandalarda randadan oʻtgan yogʻoch qipigʻidan foydalanish lozim. 10 kunlikdan oshgandan soʻng arradan oʻtgan yogʻoch qipigʻidan foydalanilsa boʻladi. Joʻja boqish davrida toʻshama ifloslangan yoki namlangan boʻlsa, toʻshamani tozalamasdan turib uning ustiga boshqa toʻshama solish mumkin emas. Eng samarali usul, oʻsha joyni tozalab yangi toʻshama solish hisoblanadi. Chunki toʻshamalardagi mikro organizmlar ikki xil boʻladi: kislorodli (O2) va kislorodsiz muhitda hayot kechiradi (aerob va anaerob). Toʻshama yuzasidagi mikroorganizmlar kislorodli (aerob), toʻshama ostidagi mikroorganizmlar esa kislorodsiz (anaerob) muhitda yashaydi. Aerob mikroblarga qaraganda anaerob mikroblar xavfli hisoblanadi. Ifloslangan toʻshama ustidan yangi toʻshama solsangiz parrandalarda titkilash instinkti boʻlib, toʻshama tagidagi anaerob muhitda yashovchi xavfli mikroorganizmlarni yuzaga chiqaradi, kasallik avj olishiga sabab boʻladi. Joʻjalarning tagiga toʻshaladigan toʻshamaning qalinligi kamida 5 sm boʻlishi shart. Biron bir toʻshamani toʻshashga ikkilanib qolsangiz, toʻshamadan kaftingizga bir oz olib yaxshilab siqib koʻring, qoʻlingizga botmasa, sanchilmasa foydalanish mumkin boʻladi. Joʻja boqish davrida toʻshamani qotib qolishiga yoʻl qoʻymaslik kerak. Qotib qolgan toʻshama joʻjalarni oyoq panjalari ostida yaralar hosil qiladi, toʻsh sohasida qon qoʻyilishi (gematoma) hosil boʻladi. Toʻshama nam yoki hoʻl boʻlmasliligi juda muhim, aks holda infeksiya oʻchogʻini hosil qiladi. Joʻjalarning har bir partiyasi goʻshtga etishtirilgandan soʻng darhol ostidagi toʻshamalar mexanik tozalanishi shart. Sababi toʻshamadagi mikroblar bugun millionlab boʻlsa, ertaga milliardlab koʻpayib ketishi mumkin.

Toʻshamaning namligi oshib, qattiq holatga kelib qolishi natijasida ammiak suyuq holatga aylanadi va ushbu toʻshamada oʻyuvchi ammiak holatiga oʻtadi. Bunday sharoitda boqilayotgan parrandalarning panjasi ostida har xil yaralar paydo boʻlishiga olib keladi.

Oziqlantirish. Broyler joʻjalarini oldida hamma vaqt oziqasi boʻlishi shart. 1-10 kunligida kichik em idish, 10 kundan keyin katta em idishlardan foydalanish kerak. Fleyka, qalin qogʻozlarni em idish sifatida foydalanish tavsiya etilmaydi, sababi bunday holatda parrandalar ozuqani isrof qiladi, ifloslantiradi va natijada boshqa parrandalar ushbu ozuqalarni iste’mol qilishi natijasida zaharlanish yoki boshqa bir infeksion va invazion kasalliklarga chalinishiga olib keladi.. Bir partiya joʻjalarni boqishda bitta korxonani emidan foydalanish maqsadga muvofiq, har-xil boʻladigan boʻlsa emni tarkibi farq qilib, joʻjalarga nojoʻya (stress) ta’sir qiladi, mahsuldorlik pasayadi. Berilayotgan emni har safar koʻzdan kechirib, unga suv tegmaganligi, mogʻorlanmaganligi va boshqa yot jismlar bor-yoʻqligini koʻrib keyin berish tavsiya etiladi. Emni isrof boʻlishiga yoʻl qoʻymang. 1 kunlik broyler joʻjalar 5-8 gr em eydi. Katta boʻlganda bu koʻrsatkich 150-200 gr boʻladi. Siz shu 5-8 gr emni toʻksangiz, isrof qilsangiz keyin bir bosh hisobda 150-200 gr sizga zarar keltiradi. Davomini misollarda keltirib yozish kerak.

Emlash. Broyler joʻjalarini emlash usullari: – koʻziga, burniga, ogʻiz orqali ichirish usullari mavjud. Vaksinalarni +20C dan +80C da sovutgichda saqlash lozim. Tayyorlangan vaksinamizni 2 soatgacha foydalanib boʻlishimiz kerak. Joʻjalarni alimentar yoʻl bilan emlashdan oldin 1-2 soat davomida suv bermasdan chanqatib olishimiz kerak boʻladi, shunda suvga aralashtirilgan vaksina bilan joʻjalar birdek emlanadi. Vaksinani alimentar yoʻl bilan iste’mol qilmagan joʻjalarni aniqlashimiz uchun suvga ma’lum miqdorda koʻk rangdagi anilin boʻyoq aralashtiriladi. Foydalanilayotgan vaksinalarimiz quruq kultura vaksinalar boʻlib, havosiz (vakuum) muhitda boʻladi. Unga havo kiritib qoʻymasligimiz kerak, aks holda vaksina sifati buziladi. Buning uchun shprits yordamida flakonga distillangan suv yuboramiz yoki flakonni suvni ichida ochamiz. Flakonga havo kiritib qoʻyadigan boʻlsak vaksinani biologik xususiyati kamayadi. Umumiy suvga vaksinamizni aralashtirishdan oldin 1 litr suvga 2 gr quruq sut (suxoy moloko) qoʻshish kerak. Foydalanib boʻlingan vaksina idishlari va asbob-uskunalari qaynoq suv bilan zararsizlantiriladi, bu bilan epizootiyani oldini olgan boʻlamiz.

Emlash jadvali.

Kasallik nomiVaksina nomiEmlash vaqtiNyukasl bronxitIBK+NB1-kun (sprey)GamboroIBB7-kunNyukasl bronxitIBK+NB10-kunGamboroIBB17-kunNyukaslNB22-kun

Emni saqlash xonasi. Em saqlash xonasining harorati +5 0C, +25 0C, namligi 40-50% boʻlishi lozim. Em xaltalarining tagida poddon (taglik) boʻlishi, tabiiy yoki sun’iy havo almashinishi ta’minlanishi lozim. Quyosh nurlarining tik tushishiga yoʻl qoʻymaslik shart. Parranda va darrandalarni kirishi qat’iyan man etiladi. Em saqlash xonasini kemiruvchilarni, hashorotlarni em saqlash xonasiga kirishiga yoʻl qoʻymaslik va em saqlash xonasini hamisha toza, ozoda saqlash kerak.

Parranda psixologiyasi. Joʻjalarga qarovchi shaxs shunchaki kirib-chiqib ketsa joʻjalarga stress ta’sir qiladi. Agar kirib biron bir yumush bajarilsa joʻjalarga yaxshi ta’sir qilib, ularga gʻamxoʻrlik qilgan odamni yaxshi koʻradi. Qarovchi xodimlarni tez-tez almashtirib turish ham salbiy ta’sir koʻrsatadi. Stressning oldini olish maqsadida askorbin kislota (vitamin C) 1 gr vitaminni 3 litr suvga aralashtirgan holda beramiz.

Profilaktika va davolash. Bir kunlik joʻjalarga faqat toza suv beriladi. Sababi ular vaksina qilingan boʻladi va 21 kun davomida inkubatorda buyraklarida zararli moddalar toʻplanadi, buni toza suv bilan yuvish lozim. 2-3-4-kunlari profilaktika uchun antibiotik berish mumkin, soʻngra vitaminlar beramiz. Chunki antibiotiklar davolash bilan birga organizmdagi vitaminlarni ham chiqarib yuboradi. 18-21 kunlari Koksidiostat dori vositalarini berish kerak. Profilaktika qilish maqsadida ushbu dori vositalarini 24 soat davomida, davolash uchun esa 48 soat davomida berib boriladi. Qolgan kunlari veterinariya vrachi joʻjalarning holati, klinik belgilari, oʻlgan joʻjalarning patalogoanotomik oʻzgarishlar va laboratoriya tekshirish natijalariga qarab tashxis qoʻyiladi va davolaniladi. Har partiyada foydalaniladigan dori vositalarini yozib borish va saqlab qoʻyish maqsadga muvofiqdir. Sababi bir partiyada qoʻllaniladigan dori vositalarini keyingi partiyada ham qoʻllash maqsadga muvofiq emas, ya’ni dori vositalarini yangilab turish, almashtirib qoʻllash samarali foyda beradi. Parrandalar boqiladigan maydonning atrofidagi mikroflora qanchalik dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya ishlari amalga oshirilishiga qaramasdan, ma’lum miqdorda kasallik qoʻzgʻatuvchilari saqlanib qoladi. Antibiotiklarni joʻjalarga qoʻllashda dori qoʻllanmasida qancha vaqt belgilangan boʻlsa shuncha vaqt berish lozim. Dori vositalaridan foydalanganimizda suvga qoʻshilgandan keyin 12 soatgacha joʻjalarga berib boʻlishimiz kerak. Agar 12 soatdan oshadigan boʻlsa kimyoviy strukturasi oʻzgarib zararli ta’sir koʻrsatishi mumkin. Antibiotiklarni uzoq yoki kam vaqt dozasini baland yoki past berilishi, tez-tez almashtirib turish joʻjalarni katta-kichik va oʻzgarmay qolishiga sabab boʻladi.

Joʻjalarni tashish (transportirovka). 1 kunlik joʻjalarni tashib yurishda harorat 24 0C, namlik 40-50% boʻlishi kerak. Chunki joʻjalar bir-biriga yaqin joylashgan boʻladi. Mashinada maxsus kichik ventelyatorlar boʻlishi zarur. Quyosh nuri tik tushmasligini ta’minlanish lozim. Transportirovkada harorat issiq yoki sovuq boʻlsa joʻjalarni oʻsish davrida salbiy ta’sir koʻrsatadi. Transport yoʻlga chiqqandan soʻng toʻxtamaslik lozim. Yoʻlda olib yurishdan oldin joʻjalarga em-suv bermaslik kerak. Sababi organizm rejimga kirib qoladi. Keyin olib yurib boʻlmaydi. Joʻjalalarni qorin boʻshligʻidagi sariqlik (jeltok) 3 kungacha ozuqa sifatida etadi. Joʻjalar solinadigan yashiklarni tagiga qogʻoz toʻshalsa joʻjalarni kir-iflos boʻlishidan saqlaydi.

Zararsizlantirish (dezinfeksiya). Joʻjaxona yaxshilab mexanik tozalangandan soʻng:

1. Xlor iliq suvda eritilib, keyin umumiy ishlatiladigan suvga aralashtiriladi. Soʻngra uskuna yordamida sepiladi.
Formalin suv bilan aralashtirilib 3% li qilib tayyorlanadi va sepiladi.
Maxsus dezinfeksiyalovchi vositalar qoʻllanmasi boʻyicha tayyorlanib sepiladi.
Formalin tutatish, ushbu usul faqat kislorodli (O2) aerob mikroorganizmlarga ta’sir qiladi.
Dezinfeksiya vositalarini joʻjaxonalar atrofiga ham sepish maqsadga muvofiqdir. Bu vositalarni hech qaysisini topishni iloji boʻlmasa, sirka kislotasi (uksus)dan suvga aralashtirib foydalanilsa boʻladi. Dezinfeksiya vositalarini sepib boʻlgach, xonaga kamida 7-10 kun davomida parrandalar kiritilmasligi lozim. Aks holda xonadagi mikroorganizmlar soni kamayishi oʻrniga kundan-kunga oshib boraveradi va shu erda boqilayotgan parrandalarning har xil kasalliklarga chalinishiga sabab boʻladi.

Ohaklash – binoni barcha kimyoviy vositalar bilan zararsizlantirib boʻlingandan keyin, oxirgi jarayon ohaklash hisoblanadi. Sababi ohaklanganda oʻzida qatlam hosil qilib, dezinfeksiya vositalarini oʻtishiga toʻsqinlik qiladi va mikroorganizmlarning tirik saqlanib qolishiga olib keladi.

Dezobarer –3 % li formalin solinadi va yangilanib turiladi. Dezomat-joʻjaxonalarga kirishda qoʻyiladi. Dezomatlar toʻrtburchak shaklda boʻlib ichiga qalinligi kamida 5-6 sm.lik gubka qoʻyiladi va kuniga 3-4 marta 3% li formalin sepiladi. Soʻyish joyi ham har kuni ish tugagandan keyin yaxshilab tozalanib, gipoxlorid kalsiy bilan dezinfeksiya qilishini shart. Har bir dezinfeksiya vositasini qoʻllanmasi boʻyicha koʻrsatilgan foizda tayyorlanishi kerak. Belgilangan foizdan kam boʻlsa infeksiyani zararsizlantira olmaydi. Agar foiz koʻp boʻlsa infeksiyani qobigʻini (kapsula) kuydirib, oʻzagi (yadro) tirik qoladi. Ma’lum vaqtdan soʻng, tirik qolgan oʻzak spora hosil qilib, yana zararli ta’sir qila boshlaydi.

Gofra. Gofrani havoning issiq vaqtlarida joʻjaxonani sovutish va namlikni saqlash uchun foydalanamiz. Gofraning 2 xil turi mavjud boʻlib, ularning qalinligi 10 sm va 15 sm oʻlchamli boʻlib, shulardan parrandachilik xoʻjaliklarida qalinligi 15 sm boʻlgan gofralardan foydalanish maqsadga muvofiq.

Umumiy zoogigienik eslatmalar. Joʻjaxonaga joʻja kelishidan oldin asbob-uskunalar, jihozlar va barcha sharoitlar toʻliq tayyor boʻlishi shart. Joʻja kelganidan soʻng qurilishlar, uskuna oʻrnatishlar, begona odamlarni kirishi, ortiqcha shovqinlar joʻjalarga nojuya (stress) ta’sir qiladi. Sexga keltirilgan yangi joʻjalarni qutisi bilan pechka yoniga qoʻymaslik zarur.

Joʻjalar sexga tushmasidan avval suv idishlari toʻldirilgan boʻlishi lozim, ayrim holatlarda joʻjalar chanqab keladi. Agar joʻjalar chanqab oʻzini suvga ursa va choʻmilib qolsa tezlik bilan suvga botgan joʻjalarni yashiklarga solib pechka atrofida quritib olib, yana umumiy joʻjalar orasiga qoʻyib yuborish kerak. Joʻjalarga 4 soat davomida suv ichgandan soʻng, ularga em berish tavsiya etiladi. Sababi inkubatsion davridagi zaharli moddalar joʻjalarning buyraklarida toʻplanib qoladi va buni toza suv bilan alimentar yoʻl orqali yuvishimiz kerak boʻladi. Joʻjalar birinchi kuni xonaga tushgandan keyin bir joyga toʻplanib boshlasa, ularni yoyishga harakat qilish kerak. Agar ustma-ust boʻlib ketsa tagidagilari nobud boʻladi. Travma olganlari boqish davrida halok boʻladi. Joʻjalar em eb oziqlanib, suv ichib dam olayotgan davrida ularga xalaqit bermaslik kerak, chunki ular shu davrda vazn toʻplaydilar. Birinchi partiyadan qolgan dori va vitaminlarni ikkinchi partiya joʻjalarni parvarishlashda foydalanish tavsiya etilmaydi. Joʻjaxona atrofiga oʻlgan joʻjalar, parrandalar goʻngi, qoramol, it, mushuk, parranda-darrandalar boʻlmasligi kerak. Joʻjalarni davolashda qaysi zoogigienik omillar buzilganda kasallik kelib chiqqanini bilib, shu omillarni bartaraf qilmay turib joʻjalarni davolay olmaymiz.

Parranda fabrikalarida 1% qoʻshimcha (bonus) joʻja berishadi. Sababi 10 kunga qadar joʻjalarda 1% tabiiy fiziologik oʻlim sodir boʻlishi mumkin. Parranda fabrikalari chiqargan joʻjalariga 3 kun kafolat beradi. Zoogigienik sharoitlar 100% talabga javob bermasa, bu talablar buzilgan holatlarda berilgan kafolatning kuchi yoʻqoladi.

Xotima

Ushbu amaliy qoʻllanma parrandachilikni (broyler) parvarish qilishni boshlayotgan shaxslar, xoʻjaliklarga yoʻriqnoma sifatida qoʻllanilishi mumkin. Bunda veterinariya sanitariyasi, zoogigienik, gigienik, veterinariya profilaktikasi, laboratoriya tashhisi va davolash tadbirlarini oʻz vaqtida sifatli bajarilmasa, moliyaviy zararga olib kelishiga sabab boʻladi. Shu sababli broyler joʻjalarini toʻgʻri parvarish qilishga undaydi.

Ushbu tavsiyanoma Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti assistenti B.B.Jaynarov, dosent Z.J.Shapulatova, assistentlar J.X.Kurbanov, R.N.Eshquvvatovlar tomonidan tayyorlandi.