Contact number

+998 (71) 271-64-26

Contact number

+998 (71) 202-12-00

Hududlarda naslchilik rivojlanmoqda

Respublikamizda 50 ta naslchilikka ixtisoslashgan parrandachilik xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan, 9 ta xo‘jalik tuxum yo‘nalishida, 41 tasi go‘sht yo‘nalishida inkubatsion tuxumlar va bir kunlik jo‘jalar yetishtirish bilan shug‘ullanmoqda.

Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida faoliyat yuritayotgan “Qo‘shrabot-Lohmann-Parranda” MChJ tuxum yo‘nalishida naslchilik bilan shug‘ullanadigan yirik fabrikalardan biri sanaladi. Fabrika qurilishi 3.5 gektar maydonga 2021-yil mart oyida boshlanib 2022-yil may oyida bitkazildi. Bugungi kunda 55 ming bosh “Super Nik” krossidagi naslli parrandalar ota-ona galasi parvarishlanmoqda.
Shuningdek, umumiy quvvati 97 ming dona naslli parrandalarni saqlash uchun parrandaxonalar hamda oyiga 1 mln donadan ortiq inkubatsion tuxumlar joylashtirishga mo‘ljallangan inkubatoriyasiga ega.
Naslli jo‘jalarning ota-ona formalari asosan Rossiya davlatidan olib kelinadi hamda ulardan inkubatsion tuxumlar olinib, ochib chiqarilgan jo‘jalar respublikamizdagi sanoat parrandachilik korxonalari va fermer, dehqon xo‘jaliklariga yetkazib beriladi.

– 1 kunlik jo‘jalar “Marek” kasalligiga qarshi emlanadi. Shundan so‘ng “Nyukasl” va “Bronxit” kasalliklariga qarshi vaksina qilinadi, – deydi kompaniya veterinar vrachi Rashid Ikromov. – “Mijozlarning istagiga qarab gripp kasalligiga qarshi “Shtamp H5” va “Shtamp H9” vaksinalari ham urilishi mumkin.”