Contact number

+998 (71) 271-64-26

Contact number

+998 (71) 202-12-00

Tovuqlarning tuxum berish samaradorligini qanday qilib oshirish mumkin?

Kundalik sharoitda tovuqlar tuxumi va go‘shti uchun boqiladi. Bunga ko‘ra ular tashqi ko‘rinishi va tuzilishi bilan bir-biridan farq qiladi. Tuxumi uchun boqiladigan tovuqlar kichkina, tez voyaga yetadigan, go‘shti uchun boqiladiganlari esa yirikroq bo‘lib, yaxshi rivojlanadi. Mahsuldor tovuq zotlari yiliga 220-250 ta, ayrimlari 365 tagacha tuxum qiladi. Tovuq 5-6 oylikdan tuxumga kiradi. Dastlabki tuxumi 40-50 gramm atrofida, 1 yoshga yaqinlashgach, 55-65 grammga yetadi. Tovuqlar o‘rtacha 10-12-yil umr ko‘radi. 10-yilgacha tuxum qilishi mumkin. Sanoat maqsadida tuxum yetishtiriladigan xo‘jaliklarda tovuqlar tuxumga kirgandan keyin ularni faqat bir yil saqlash iqtisodiy foyda keltiradi, chunki tovuqning yoshi o‘tib borgani sari tuxum berish mahsuldorligi ham kamayib boradi. Faqat naslchilik xo‘jaliklarida sermahsul tovuqlar 2-3yilga qoldiriladi. Qolgan barcha holatlarda 1-yildan ortiq saqlash yaxshi natija bermasligi mumkin. Tovuqlar parrandaxonalarda don, sabzavot, mineral oziqalar, vitamin va boshqalar shu kani mahsulotlar bilan boqiladi.

Parrandachilikda tovuqlarning tuxum berish mahsuldorligini yana-da oshirish dolzarb vazifadir. Bu borada Samarqand davlat universiteti biologiya fakultetida bir qator tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan odam va hayvonlar fiziologiyasi va biokimyo kafedrasi magistri Go‘zal Normurodova kafedra professori Safin Maris ilmiy rahbarligida “Tuxumdor tovuqlarning rasionini tokovit preparati bilan boyitishning fiziologik va mahsuldorlik ko‘rsatkichlariga ta’siri” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi.

– Dunyo tajribalaridan shuni aniq aytish mumkinki, tovuq ozuqasi tarkibiga turli vitaminlar va qo‘shimcha ozuqa elementlari fermentlar bilan boyitilishi yuqori samara beradi, – deydi tadqiqotchi Go‘zal Normurodova, – Tadqiqotimizning maqsadi tuxumdor tovuqlar rasioniga tokoferol (E vitamin) ta’sirini o‘rganish bo‘lib, uning natijasida tovuqning fiziologik holatlari va mahsuldorligiga qanday darajada ta’sir ko‘rsatishini aniqlashdan iborat. Tokoferol – vitamin E muskullarning rivojlanishi, muskul massasining oshishida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Inson organizmda tokoferol yetishmasligi muskullar massasining kamayishiga, muskullarning atrofiyalanishiga, muskullar faoliyatining buzilishiga olib keladi. Tokoferol faqat o‘simliklar tarkibida uchraydi, hayvon tanasida sintezlanmaydi. E vitamini antioksidant, transkripsiya va fermentlar faolligini regulyatori, shuningdek immunitet tizimining faollashtiruvchisi sifatida tirik organizmlar uchun zarur vitamoin hisoblanadi. 150-300 mg/kg ozuqa qo‘shimchalari immunitet tizimining faoliyatini rag‘batlantiradi. Tuxumdor tovuq zotlari odatiy rasioniga tokoferolni kiritish orqali ko‘p miqdorda tuxum va go‘sht olish mumkin. Bu esa va fermerlar uchun iqtisodiy jihatdan yudori daromad manbai bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi