Contact number

+998 (71) 271-64-26

Contact number

+998 (71) 202-12-00

Tovuq boqish sirlari

 

Tibbiyot mutaxassislarining ta’kidlashicha, inson sog‘lom bo‘lishi uchun bir yilda o‘rtacha 10 kilogramm parranda go‘shti va 100 dan ortiq tuxum iste’mol qilishi zarur. Chunki ular parhez mahsulotlari hisoblanib, inson organizmi uchun juda foydalidir.

Tovuq zotlari va krosslarini tanlash
Aholi xonadonlarida tuxum yo‘nalishidagi Lomann, Dekalp, Xayseks, Xay-Layn va Rodonit zotlarini boqish mumkin. Hozirda bozorlarimizdagi tuxumlarning 70 foizi Lomann zotlari ulushiga to‘g‘ri keladi. Ular jigarrang, oq va och kulrang bo‘lib, ushbu zotli parrandalardan uy sharoitida bir yilda 270 donagacha tuxum olish mumkin.

Broyler — tez yetiladigan go‘shtdor jo‘ja. Uning go‘shtidan asosan parhez taomlar tayyorlanadi. Broyler go‘shti olish uchun jo‘ja qisqa muddatda yetarli darajada semirtiriladi. Buning uchun og‘ir vaznli va tez yetiladigan Ross–308, Kobb, Xabbord broyler krosslari, Kornish, Oq plimutrok, Nyugempshir kabi sertuxum va sergo‘sht zotli xo‘roz va tovuqlarning chatishishidan olingan duragay jo‘jalardan foydalaniladi.

Oddiy uy jo‘jasi asosan tuxum yo‘nalishida bo‘ladi. Broyler jo‘jalari esa go‘sht yo‘nalishida boqilib, 38–42 kunda tirik vazni 2,3–2,5 kilogrammga yetadi. Go‘sht uchun yetishtirilgan broyler jo‘jalar texnologiya bo‘yicha 1–2 kun ichida so‘yilishi shart. Bu fursat cho‘zilib ketsa, ular tirik vaznini tezda yo‘qotadi. Shu bois, broylerlarni boqish vaqti eng ko‘pi bilan 5–6 haftani tashkil etadi.

Parranda go‘shti tez hazm bo‘lish xususiyatiga ko‘ra barcha turdagi chorva mollari go‘shtidan ustun turadi. Tarkibi har xil kimyoviy elementlarga boy. 2 oylik jo‘ja go‘shti tarkibida 20 foizga yaqin oqsil, 10–12 foiz yog‘ bo‘ladi. Broyler jo‘jasi go‘shtining hazm bo‘lish koeffitsiyenti 94–95 foizga teng.

Parrandalarni parvarishlash. Tovuqlar qo‘lbola kataklarda yoki yerda boqiladi. Ular, asosan, quruq aralash yemlar bilan oziqlantiriladi. Bir bosh tovuq uchun bir yilda o‘rtacha quyidagi miqdorlardagi aralash yem talab etiladi: kataklarda boqiladigan tuxum beradiganlari uchun – 50 kg; go‘sht olinadiganlari uchun – 65 kg; 2 oygacha bo‘lgan broyler jo‘jalar uchun – 4,7 kg; tuxum olishga mo‘ljallangan 5 oylikkacha jo‘jalar uchun – 11,8 kg.

Jo‘ja ochirish uchun tuxum olishda 8–12 ta tovuqqa 1 ta xo‘roz qo‘yiladi. Xo‘rozlar 2–3-yil saqlanadi. Tovuqlar tomorqadan chiqadigan bug‘doy qoldiqlari, makkajo‘xori, sabzavot mahsulotlari, qovun-tarvuz puchoqlarini tanlamasdan yeydi.

Manba: mehnat.uz