Contact number

+998 (71) 271-64-26

Contact number

+998 (71) 202-12-00

Parrandachilik bo‘yicha tavsiyalar

Parrandachilik nozik, shu bilan birga serdaromad soha hisoblanadi. Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida parrandalarni boqishda mavjud tavsiyalarga amal qilish maqsadga muvofiq. Parranda uchun bahor va yoz fasllari g‘oyat qulay sharoit hisoblanadi.

Jonivorlar ana shu fasllarda tez voyaga yetib, kuz oylarida tuxum bera boshlaydi va qishlovga baquvvat holda kiradi. Sog‘lom parranda yetishtirish hamda undan ko‘plab tuxum olish uchun parvarishga faqat sog‘lom, tirik vazni 35-40 gramm, harakatchan, oyog‘ida mahkam turuvchi, yaxshi patli va qanotlari gavdasiga mustahkam qisilgan jo‘jalar tanlanadi.

Afsuski, ko‘pgina dehqon va fermer xo‘jaligi a’zolari jo‘jalarni asrash hamda boqishga puxta tayyorgarlik ko‘rmaydilar, “Keyin bir gap bo‘lar”, degan hayolga borib hamma ishni kechiktiradilar. Oqibatda jo‘jalar dastlabki kunlardanoq, nobud bo‘la boshlaydi. Bunday hol yuz bermasligi uchun keng va yorug‘ xonalarni dezinfeksiya qilish lozim.

Binodagi moslamalar, inventarlar tashqariga chiqarilib, xonaning ichi DUK yoki AGUD-2 apparatlarida aerozol (purkash) usuli bilan formalin yordamida dorilanadi. Bunday aralashmani tayyorlashda 1 mZ joy uchun 40 protsentli formalindan 25 gramm ishlatish kifoya. Shu tariqa dezinfeksiyalanib tayyorlangan xona jo‘jalarni keltirishdan ikki kun oldin 32–33 darajada isitiladi.

Jo‘ja o‘stiriladigan xonaning harorati birinchi haftada 33–28, ikkinchi haftada 28–26, uchinchi haftada 26–24, to‘rtinchi haftada 24–22, beshinchi haftada 22–20, oltinchi haftada 20–18 daraja issiq bo‘lishi lozim.

Parrandaxona poli issiq, mustahkam, tekis va silliq bo‘lishi muhimdir. Polga 15–20 sm quruq material to‘shaladi. Ana shunday material somon va yog‘och qirindisi (opilka) bo‘lishi mumkin. Polga oldindan 0,5 kg hisobida 1 kv.m ga pushonka ohak sepib chiqiladi.

Jo‘ja boqiladigan xonalarning har 100 boshga mo‘ljallab alohida kataklarga ajratib qo‘yilishi maqsadga muvofiqdir. Odatda jo‘ja tuxumdan chiqqanidan 16 soat o‘tgach, oziqlana boshlaydi. Ularga dastlab qotirib qaynatilgan tuxum va qatiqni makkajo‘xori yoki bug‘doy yormasiga aralashtirib berish kerak. Uchinchi kundan e’tiboran jo‘ja ozuqasiga maydalangan beda va sabzi qo‘shiladi.

Yosh jo‘jalar turli oshqozon-ichak kasalliklariga chalinuvchan bo‘ladi. Buning oldini olish uchun suvdonlardagi suv 1 kunda ikki marta almashtiriladi va haftada ikki marta och pushtirang margansovka eritmasi solib turiladi. Eritma 1 soatdan so‘ng to‘kib tashlanadi, idish esa toza suv bilan to‘ldiriladi. Birinchi, ikkinchi va uchinchi kunlari jo‘jalarga 1 protsentli glyukoza suv bilan ichiriladi.

Bir sutkalik yoshda “Marek” kasalligiga qarshi emlanadi. Jo‘jalarni pulloroz-tif kasalligidan saqlab qolish uchun uchinchi-ettinchi kunligida uch-besh kun davomida har ming jo‘jaga 5 gramm hisobida furozolidon yoki 10 gramm levomitsitin beriladi. Besh kunligidan e’tiboran jo‘jalarga oqsilli yemlar (tvorog, qatiq, go‘sht chiqitlari) va boshqalar tarqatiladi.

Jonivorlarni 10–12 kunligida o‘lat (nyukasl) kasalligiga qarshi birinchi bor emlanadi. Bunda “La Sota” va “N” virus vaksinalardan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Parrandalarda o‘latga nisbatan chidamlilik xususiyatlarini hosil qilish uchun turli usullar qo‘llaniladi. Virus-vaksinalarni burun bo‘shlig‘i orqali (internazalno) mushak ichiga yuborish, suvga qo‘shib ichirish va aerozol yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Ba’zan parrandani suvga talabini hisobga olmagan holda unga virus-vaksina ichiriladi. Oqibatda bu usul istalgan immunitetni bermaydi. Bir yarim ming dozalik virus-vaksina fiziologik eritmada yoki qaynatilgan suvda 1:150 nisbat bilan suyultirilgan, tomchilatgich (pipetka) yordamida ikki tomchidan burun bo‘shlig‘iga yuboriladi. Ancha sertashvish bo‘lsa-da, bu usul parrandalarni o‘latdan saqlashning eng ishonchli yo‘lidir.

“N” virus-vaksina asosan tovuqlarga qo‘llaniladi. Bunda virus-vaksina 1:100, 1:200 nisbatda suyultirilib, har bir parrandaga 1 millilitr hisobidan uning mushagi ichiga yuboriladi. Bunda o‘latga nisbatan immunitet 48 soatdan so‘ng hosil bo‘ladi va 48 soatdan 72 soatgacha davom etadi. “N” vaksina kasallik doimiy uchrab turadigan joylarda yaxshi samara beradi.

Parrandalar o‘lati profilaktikasida immunitet quvvatini serologik nazorat qilish ham g‘oyat muhim hisoblanadi. Bu usul oson va hammabop bo‘lib, u har qaysi parrandachilik fabrikasining laboratoriyasida amalga oshirilmog‘i lozim. 15–20 kunlik jo‘jalarga koksidio-statik preparatlar beriladi. Bunda 10 kg ozuqaga 10 gr dan koksidiovit, sulfademizin, ximkoksid va boshqa preparatlar aralashtiriladi.

Askaridoz va geterikdioz kasalligining profilaktik chorasi jo‘jalar ikki oylik bo‘lganda ikki kun davomida piperozin yoki fenotiazin preparatlarini berishdan iboratdir. Yuqoridagi tavsiyalarga to‘la amal qilish sog‘lom, yuqori mahsulotli tovuqlar yetishtirish kafolatidir.

B.Ahmedov, B.Boybulov