Kurkalar Amerika qitʼasida paydo bo‘lib, 1523 yili ular Yevropa davlatlariga “dengiz orti tovuqlari” nomi bilan ispanlar tomonidan olib kelingan, keyinchalik Osiyo davlatlariga ham shu yerlardan tarqalgan. Uy parrandalari ichida kurkalar gavdasi eng yirigi hisoblanadi. Voyaga yetgan kurka xo‘rozlarining tirik vazni 9–16 kg (broylerlari 30–35 kg), makiyonlariniki 4,5–11 kg bo‘ladi. Bir tuxum berish siklida kurka makiyonlaridan 50–90 dona tuxum, 35–60 ta kurka jo‘jalari olish mumkin. Kurka makiyonlari juda yaxshi kurk bo‘ladi va ochib chiqqan jo‘jalarini mehr bilan boqadi.

Rivojlangan davlatlarda go‘sht yo‘nalishidagi parrandachilikda kurkachilik sohasi yuqori o‘rinda turadi. Kurka go‘shtining isteʼmolbop, mazali va parhez taom sifatida aʼlo darajada ekanligi hamda ishlab chiqarish xarajatlari broyler jo‘jalari yetishtirishga nisbatan ko‘p emasligi kurkachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ikkinchi o‘ringa olib chiqaradi. AQSH, Italiya, Fransiya va Angliya davlatlari kurka go‘shtini eng ko‘p ishlab chiqadigan davlatlar hisoblanadi. Bu davlatlarda ishlab chiqarilgan parranda go‘shti ichida kurka go‘shti 15–25% ni tashkil etadi.

Shaxsiy tomorqada kurka boqish juda foydali hisoblanadi. Masalan, bahorda 30 ta kurka jo‘jasini olib boqsangiz, kuzga kelib yuqori sifatli boshqa uy parranda go‘shtidan mazaliroq bo‘lgan 150–180 kg.gacha parhez go‘sht olishingiz mumkin. Kurka go‘shtini tarkibida “V” darmondori ancha ko‘p, xolesterin miqdori juda kam miqdorda bo‘lib, sifati qirg‘ovul va boshqa shunga o‘xshash yovvoyi qushlar go‘shtidan qolishmaydi. Qovurilgan va dimlangan kurka go‘shti juda ajoyib, takrorlanmas va o‘ziga xos hidga ega bo‘ladi. Angliya, AQSH va Kanada davlatlarida bayram kunlari kurka go‘shti dasturxon bezagi hisoblanadi.

Ushbu tavsiyalarni tayyorlashda internet maʼlumotlaridan foydalanildi.

Mazkur tavsiya O‘zbekiston Respublikasi “Parrandasanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari E.Raxmatullayev rahbarligida, “Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnologik jihozlash, naslchilik va veterinariya ishlarini rivojlantirish boshqarmasi” boshlig‘i H.I.Narmuhamedov tomonidan tuzilgan.

Broshyurada kurka zotlari, ularni boqish, yosh kurkalarning o‘sishi va rivojlanishi, suv bilan taʼminlash, oziqlantirish, ratsion tarkibi, ko‘katlar berish, maxalliy sharoitda uchraydigan kasalliklar va ularga qarshi o‘tkaziladigan veterinariya chora – tadbirlari to‘g‘risida maʼlumotlar berilgan.
Ushbu tavsiyalar parranda boqishni maqsad qilgan keng ommaga mo‘ljallangan.