Fiziologik tullash – sogʻlom parrandalarda eski patlarni pat follikulalarida shakllanadigan yangi patlar bilan almashinuvi orqali oʻtadigan tabiiy davriy patlar almashinuvidir.

Fiziologik tullashda pat muntazam ravishda almashib turadi, shuning uchun parranda terisida ochiq joylar boʻlmaydi. Yosh parrandalarda patlarning birinchi almashinuvi 1,5-2 oyligida, faqat patlarni tashlaganda boʻladi. 12 oylik boʻlganda barcha patlari almashadi. Katta yoshli parrandalarda tullash har yili iyulning oxiridan yoki avgustning boshidan to oktyabr-noyabr oylarigacha boʻladi. Pat qoplamining toʻliq almashinuvi 3 oycha davom etadi. Qafasda saqlanadigan koʻplab parranda turlarida fiziologik tullash yiliga ikki marta boʻladi va hech qanday asoratlarsiz oʻtadi. Tullash davrida parrandalarni qoʻl bilan ushlamaslik yoki aniq yoritilgan xonalarda saqlamaslik lozim. Ularni choʻchitmaslik, elvizak va shamollashdan asrash kerak. Parrandalar qafasdan chiqarilmasdan, ularning uchishi cheklanadi. Kanareykalarning sayrashi tullashdan soʻng asta-sekin tiklanadi. Bu vaqtda xonada sayrashida nuqsonlari boʻlgan nar parrandalar boʻlmasligi kerak. Chunki kanareykalar tullashdan soʻng sayrashdagi kamchiliklarni osongina oʻzlashtirib oladi.

Tullash davrida moddalar almashinuvi jadallashadi, organizmning aminokislotalar, vitaminlar, mikroelementlar, asosan kalsiy va oltingugurtga boʻlgan ehtiyoji ortadi. Parranda notinch yoki aksincha, kam harakat, ishtahasi pasaygan boʻladi, uyqu yomonlashadi yoki yoʻqoladi. Tullash davrida rasionda kalsiy va fosfor etishmasa, uzun suyaklar sinishi mumkin.

Shuning uchun tullash davrida pat qoplamining boshqa kasalliklaridagi kabi parrandalarga koʻk oʻtlar, patli un, tuxum poʻchogʻi, boʻr berish zarur. Rasion barcha zaruriy aminokislotalar, vitaminlar va mineral moddalardan topishi zarur. Normal tullashni buzadigan stresslarning oldini olish uchun nerv tizimini tinchlantiradigan preparatlar (seduksin, trioksazin) berish, shuningdek, parrandani tez-tez choʻmiltirish mumkin.

Oddiy zotli (bakinsalar, sport kaptarlari, grivunlar, permyaklar) kaptarlarning tabiiy tullashi odatda muammosiz oʻtadi. Asosan paxmoqoyoqli kaptarlarda oyogʻidagi biror patini tortganda qon oqishi mumkin. Shikastlangan joy suv bilan yuviladi va yod yoki vodorod peroksidi bilan ishlov beriladi. Qanoti uzun qushlarda (nikolay kaptarlar, turmanlar) tullash qiyin kechadi. Ularda hali mustahkamlanmagan patlari qanotlarini keskin silkitganida shikastlanadi. Shikastlanish kuchli darajada boʻlsa, qanotlari qon bilan boʻyalgan boʻladi. Shikastlangan joyga vodorod peroksidi bilan ishlov beriladi. Tullash boshlanishi bilan mikroelement va aminokislotalarga boy ozuqalar berish kerak. Rasionda toʻyimli va biologik faol moddalarning etishmasligida kaptarlar ozib ketadi, ular boʻshashgan holda boʻladi, ozuqadan bosh tortadi. Ushbu aralashmani (foizlarda) berish maqsadga muvofiq: noʻxat – 25, kungaboqar – 10, arpa – 10, tariq – 10, xashak noʻxat – 10, bugʻdoy – 25, makkajoʻxori – 10. Alohida idishchada maydalangan tuxum poʻchogʻi, mayda shagʻal, qum solib qoʻyiladi. Avgust va sentyabr oylari kaptarlarga bir oz tuzlangan, maydalangan qoqi oʻt barglarini bergan ma’qul.

Patologik tullash. Patologik tullash yilning barcha fasllarida uchrashi mumkin. U shamollash, saqlash sharoitining buzilishi, birdaniga ozuqa va uning sifatini almashtirish, qafasda koʻp miqdor parazitlar borligi natijasida kelib chiqadi. Soʻnggi holatda patlar xurpaygan boʻladi, parranda koʻp vaqtini uni tozalash bilan oʻtkazadi, kam sayraydi. Kechqurun panjalari bilan tayoqchaga urayotganini eshitish mumkin. Ayrim tur parrandalarda bosh sohasidagi patlarning tullashi oziqlanishning buzilish, qafas nur manbaiga yaqin boʻlib, yorugʻlik haddan ziyod kuchli boʻlishi natijasida kelib chiqadi.

Stress oqibatida yuzaga keladigan tullash. Bu kabi tullash barcha tur parrandalarda uchraydi, lekin kanareyka, hasharotxoʻr va yirtqich qushlarda koʻproq kuzatiladi. U himoya refleksi boʻlib, toʻsatdan qoʻrqitilganda sodir boʻladi. Kuchli stress vaqtida parranda qoplama patlarini yoʻqotadi.

Davolash. Parrandaga tinchlik berilishi, qoʻl bilan kamroq ushlanishi kerak. Oziqlantirish turli xil, toʻliq qiymatli boʻlishi lozim. Rasionga qoʻshimcha ravishda kalsiy preparatlari, vitaminlar va mikroelementlar qoʻshiladi. Stresslarni profilaktika qilish maqsadida asab tizimini tinchlantiruvchi preparatlar (sedkusin, trioksazin) berish, shuningdek, parrandani tez-tez choʻmiltirish mumkin.

Jigar va buyrak kasalliklarida tullash. Kasallik jigar va buyrak funksiyalari buzilgan barcha tur parrandalarda uchrab, asosan turli toʻtiqushlarda koʻproq kuzatiladi.

Klinik belgilari. Tullash tabiiy fiziologik boʻlmagan davrlarda kechadi, ichaklar funksiyasi buzilishi bilan oʻtadi. Kasallangan parranda axlati sariq yoki oqish rangda boʻladi.

Davolash. Kasallikning asosiy sababi aniqlanadi va bartaraf etiladi. Parrandaga jigar va buyrak faoliyatini normallashtiradigan preparatlar beriladi. Rasion vitamin va mikroelementlar bilan boyitiladi. Terida ochilib qolgan joylar boʻlsa, yoz vaqtlarida quyosh vannasi qilinadi, sovuq vaqtlarda esa maxsus ultrabinafsha nurlar bilan nurlantiriladi.

Manba: vetgov.uz VETERINARIYa VA ChORVAChILIKNI RIVOJLANTIRISh DAVLAT QOʻMITASI