Контактный номер

+998 (71) 271-64-26

Контактный номер

+998 (71) 202-12-00

Rossiyadan xonaki parrandalarning naslli tuxumlari olib kelinmoqda

Parranda yetti xazinaning biri. Daromadi kam koʼringani bilan barakali boʼladi. Imkon boʼlib koʼproq parranda parvarishlansa daromadi yanada yaxshi boʼladi. Nafaqat oila va yaqinlar koriga yaraydi, balki atrofda yashayotgan odamlar, umuman, xalqimiz dasturxoni toʼkinligiga xizmat qiladi. Bundan har ikkala taraf ham manfaatdor boʼlishi, shubhasizdir.

Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda parrandachilik sohasi ham muhim oʼrin tutadi. Soʼnggi yillarda banklarning imtiyozli kreditlari asosida aholiga uy sharoitida boqish uchun parranda yetkazib berilmoqda.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining «Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʼllab-quvvatlash boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida»gi 2021 yil 16 dekabrdagi PQ-54-sonli Qaroriga asosan 2022 yilda ham aholiga bank krediti asosida parranda yetkazib berilishi rejalashtirilmoqda.

Ushbu qaror boʼyicha «Parrandasanoat» uyushmasi amaliy ishlarni boshlab yuborgan. Rossiyaning “Ilmiy tadqiqot instituti” (VNITIP) huzuridagi “Genofond” MChJ bilan xonaki parrandalarning inkubatsion tuxumini olib kelish boʼyicha dastlabki kelishuvga erishildi.

– “Genofond” MChJda 76 turdagi parranda zotlari parvarishlanmoqda. Biz Oʼzbekiston iqlimiga mos “Kuchinskaya Yubileynaya”, “Moskovskaya chyornaya”, “Аvstrolorp” kabi xonaki zotlarining naslli tuxumlaridan olib kelishga kelishdik. 2022 yilda PQ-54-sonli qaror asosida xonadonlarga 11 milliondan ortiq parranda yetkazib berish moʼljallangan boʼlib, buning uchun oʼrtacha 14 millionga yaqin tuxum kerak boʼladi, – deydi “Parrandasanoat” uyushmasi raisi oʼrinbosari Ulugʼbek Аhmedov.

Shuningdek, Vengriyaning «TETRA» kompaniyasi bilan Navoiy viloyatidagi «Golden Like Miracles» MChJ oʼrtasida shartnoma imzolandi. Xonaki parranda naslli tuxumlarini olib kelish boʼyicha Xitoyning «Dezhou Tongda Incubation Equipment Factory» hamda «Chonghong Industries» Ltd kompaniyalariga “Parrandasanoat” uyushmasi tomonidan xamkorlik qilish boʼyicha takliflar berilgan. Xitoy tomonidan javob kutilmoqda.

Maʼlumot uchun, bugunga kelib Respublikamizda ham xonaki parranda zotlarini yetkazib beradigan 12 ta korxona mavjud. Ularda 39 mingdan ortiq mahalliy parranda zotlari parvarishlanmoqda. Biroq ularning joʼja yetkazib berish imkoniyati cheklangan.