Контактный номер

+998 (71) 271-64-26

Контактный номер

+998 (71) 202-12-00

Parrandachilikda veterinariya muolajalari

Respublika veterinariya xizmatining mavjud yo‘riqnomalari va mutaxassis- olimlar tomonidan tayyorlangan tavsiyalar bo‘yicha tovuqchilik xo‘jaliklaridagi parrandalarni quyidagi “Epizootiyaga qarshi tadbirlar rejasi” (loyihasi) asosida belgilangan sxema bo‘yicha emlash talab etiladi. Ushbu emlash muolajalari asosan yosh va o‘suvchi jo‘jalar orasida o‘tkazilib, dastlab jo‘jalarning 1 kunligida “Marek” kasalligiga qarshi, 8 va 10 kunliklarida (2-marta) “Gamboro kasalligi” ga qarshi, 14, 35 v 70 kunlik yoshida (3-marta) “Nyukasl kasalligi” ga qarshi, 28 va 60 kunliklarida (2-marta) “Infeksion larengotraxeit” kasalligiga qarshi, 40 va 80 kunligida (2-marta) “Infeksion bronxit” ga qarshi, 120 kunligida “Chechak” kasalligiga qarshi emlash o‘tkazilishi zarur.Barcha sohada bo‘lganidek, so‘nggi yillarda Respublikamiz parrandachilik tarmog‘ida ham xorijiy davlatlar bilan uzviy hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lib, ijobiy natijalarga erishilmoqda. Ayni paytda epizootik jarayon murakkablashib, veterinariya mutaxasisslaridan hushyorlikni talab etadi. Chunki, o‘tgan davrda Respublikamizda uchramagan yuqumli kasalliklarning ham xavfi tug‘ilib, profilaktik choralar ko‘rish zarurati mavjud.

Ayni paytda jo‘jalar orasida kolibakterioz, eymerioz (koksidioz) va boshqa ichak enterobakteriozlari ham alohida holatda yoki aralash shaklda ko‘p uchrab, og‘ir asorat beradi va katta talofat yetkazadi. Ushbu kasalliklarga qarshi samarali maxsus (spetsifik) profilaktik vositalar mavjud emasligi sababli soha tadqiqotchilari tomonidan antibiotik va koksidiostatiklar, jumladan, “Kolikokstat” va “Kolikoksid” preparatlari antibakterial va antieymeriy ta’sir etuvchi aralashmalar shaklida tavsiya etilgan bo‘lib, mavjud yo‘riqnoma asosida qo‘llanilganda samarali ximioprofilaktik va davolovchi ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, jo‘jalarga dastlabki kundan boshlab A, D, Ye, S va V guruhiga kiruvchi vitaminlarni, turli mikro va makro elementlarni hamda ayrim stimullovchi vositalarni belgilangan me’yorlarda berib borilishi, ko‘pchilik yuqumsiz kasalliklarning oldini olib, parranda organizmining yuqumli kasalliklarga nisbatan chidamliligini (rezistentligini) oshiradi va jonivorlarning sog‘lom o‘sib yetilishi hamda mahsuldorligini ortishida muhim ahamiyat kasb etadi.