Fermer xo‘jalikni yuritishda nima uchun tuyaqushchilik sohasi hamma sohalardan ko‘ra ko‘p foyda keltiradigan va kelajagi bor yo‘nalish hisoblanadi? Gap shundaki, mahsulotlarining sifati barcha qishloq xo‘jalik parrandalari mahsulotlaridan bir necha barobar yuqori turadi. Har bir tuyaqush so‘yilganda 1 sentrnergacha (100 kg) juda kam miqdorda xolesterini mavjud bo‘lgan tansiq (delikates) go‘sht, 2 kg. atrofida qimmatbaho patlar va 2 m2 yengil sanoatda katta talabga ega bo‘lgan sifatli teri beradi.

Hozirgi vaqtda tuyaqushchilik sohasi rivojlanib, ommabop bo‘layotganiga qaramay, moʻtadil iqlim sharoitida ham tuyaqushchilik rivojlanayotgan bo‘lgani bilan butun dunyo bo‘yicha tuyaqushchilik fermasi mahsulotlariga narxlar ancha baland bo‘lib kelmoqda. Yaqqol bir misol tariqasida tuyaqushchilikni boshqa chorvachilik soha yo‘nalishlaridan afzalliklarini ko‘rib chiqamiz. Fermada qoramolchilikni rivojlantiradigan bo‘lsak, har bir bosh sigirdan bir yilda bir bosh buzoq olish mumkin. Sigirni qochirib, undan foyda olgunga qadar 2 – 3 yilga yaqin vaqt o‘tadi, chunki buzoqni so‘yishdan oldin maʼlum tirik vazngacha ega bo‘lishi uchun bo‘rdoqiga boqilishi kerak bo‘ladi. Buzoq so‘yish konditsiyasiga yetish uchun tirik vazni 250 kg.ni tashkil etishi kerak. Bundan tashqari, undan olinadigan tahminan 2,5 m2 terini ham hisobga olish kerak. Bular hammasi xolos.

Endi sigir o‘rnida tuyaqushning urg‘ochisini ko‘rib chiqamiz. Bu holatda, 1 bosh urg‘ochi tuyaqushdan yil davomida 40 boshdan kam bo‘lmagan yosh tuyaqushlarni olish, ko‘paytirish va o‘stirish mumkin, agar yil davomida ko‘payish uchun sharoitlar yaxshi yaratilgan bo‘lsa, yosh tuyaqushlar ancha ko‘p ham bo‘lishi mumkin, ayrim hollarda 2 barobar (1 yilda 80 boshgacha) ko‘payish imkoni bo‘ladi. Tuyaqush tuxumini inkubatsiya davri 42 kunni tashkil qiladi, tuyaqush jo‘jalari bo‘rdoqiga boqilganda, katta yoshdagi ona tuyaqush vazniga 1 yilda yetib oladi. Jami 1 bosh urg‘ochi tuyaqushdan har yili 2 tonna atrofida qimmatli parhez go‘shti, 50 m2 atrofida yuqori sifatli qimmatbaho teri va 36 kg. ajoyib patlar olish mumkin. 

Tuyaqush 40 yil davomida ko‘payish xususiyatini yo‘qotmasligini inobatga olsak, bu davr ichida 1 bosh urg‘ochi tuyaqushdan 70 tonna parhez go‘shti, 2 ming m2 teri va tahminan 1,5 ming kg. tuyaqush patlarini olishimiz mumkin. 

Undan tashqari tuyaqush tirik vazniga nisbatan go‘sht chiqish hajmi, sigir yoki boshqa qishloq xo‘jalik hayvonlariga nisbatan ancha yuqori. Shunday qilib, tuyaqushchilik sohasi boshqa barcha chorvachilik sohalaridan afzalligi shak – shubhasiz, o‘z – o‘zidan ko‘rinib turibdi. Boqish uchun ketgan sarf – harajatlar faqat terini sotishdan tushgan daromad hisobiga qoplab ketadi, qolgan boshqa mahsulotlari toza foyda hisoblanadi.

Ushbu tavsiyalarni tayyorlashda internet maʼlumotlaridan foydalanildi.

Broshyurada tuyaqushlarning tarixi, turlari, biologiyasi, tabiatdagi hayoti, tuyaqushchilik fermasini tashkil etish, tuyaqushchilik usullari, parvarish qilishdagi xususiyatlari, boqish uslubiga, mavsumlarga va yoshiga qarab oziqlantirishning farqlari, tuxumini tabiiy bostirish va sunʼiy inkubatsiya qilish, tuyaqush jo‘jalarini parvarishlash, kasalliklari to‘g‘risida, go‘shti, terisi, patlari va boshqa mahsulotlari xaqida maʼlumotlar berilgan.

Ushbu tavsiyalar tuyaqush boqishni maqsad qilgan keng ommaga mo‘ljallangan.
Mazkur tavsiya O‘zbekiston Respublikasi “Parrandasanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari P.E.Raxmatullayev rahbarligida “Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, naslchilik va veterinariya ishlarini rivojlantirish boshqarmasi” boshlig‘i H.I.Narmuhamedov tomonidan tuzilgan.