Mazkur tavsiya O‘zbekiston Respublikasi “Parrandasanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari P.E.Raxmatullayev rahbarligida “Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, naslchilik va veterinariya ishlarini rivojlantirish boshqarmasi” boshlig‘i H.I.Narmuhamedov tomonidan tuzilgan.

KIRISH

G‘ozlar suvda va suv oldida yashaydigan, tirik vazni 200 gr.dan 8 kg.gacha bo‘lgan, tashqi ko‘rinishidan oqqush va o‘rdaklarga o‘xshaydigan parranda hisoblanadi. Ularning tumshug‘ida sezgi organlari yaxshi rivojlangan. Yuqori va pastki tumshuq plastinkalari bilan go‘shtdor tilining ikki chetida filtrlash apparati (moslamasi) joylashgan. G‘ozlarning bo‘yin umurtqa suyagi 1605 donani tashkil etadi. Qovurg‘asida yaxshi rivojlangan ilmoqli o‘simtasi mavjud. Qanotidagi birinchi barmog‘ining uchida tirnoq panjachasi bor. Ko‘plab g‘oz turlarining oyoqlari kalta bo‘ladi. Oldinga qaratilgan uch dona barmoqlari o‘zaro suzish pardasi (pereponka) bilan ulangan. Orqa barmog‘i kalta va oldingilarida yuqori joylashgan bo‘ladi. G‘ozlar turlariga qarab, suyak tarkibidagi havosi (pnevmatika) har xil darajada bo‘ladi. Ularda teri osti havo bo‘shliqlari mavjud emas. Semiz g‘ozlarda teri ostiga yog‘ yig‘iladi. Oshqozoni oson kengayish xususiyatiga ega. Mushakli oshqozoni keng, devorlari qalin va kutikulasi zich joylashgan. Ko‘r ichaklari o‘simlikxo‘rlarda katta va yaxshi rivojlangan, go‘shtxo‘rlarda kichkina va yaxshi rivojlanmagan. G‘ozlar erkagining kloakasi devorida tashqariga buralib chiqadigan uzun penisi mavjud. Ko‘pchilik g‘ozlarda tomog‘ining pastida suyaklashgan havoli kenglik – araban bo‘lib, u tovushni titratadi. Patlari zich va tanasiga yopishib turadi. Pari qalin va bir tekisda butun tanasini yopib turadi. Qanotlari uchli va linka davrida vaqtincha 2 – 5 haftaga uchish qobiliyatini yo‘qotadi. G‘ozlarda jinsiy dimorfizm kuchli rivojlangan: erkagi urg‘ochisidan ancha yirik va tusi yorqin rangda. G‘ozlar tez uchadi (70 km/soat), lekin manevr qila olmaydi. Quruqlikda noqulay va lapanglab yuguradi. G‘ozning barcha turlari suvda yaxshi suzadi, ko‘pchiligi suv tagiga sho‘ng‘iydi.

Ushbu tavsiyalarni tayyorlashda internet maʼlumotlaridan foydalanildi.

G‘oz zotlari

Arzamas g‘ozlari

Kelib chiqishi. Rus eski g‘oz zotlaridan. XVII asrda urushtirish uchun yaratilgan zot. Nomini Arzamas shahri nomidan olingan. XIX asr boshlaridan go‘sht yo‘nalishidagi g‘oz zoti sifatida ko‘paytirilgan.keng, baquvvat gavdali g‘oz.

Umumiy ko‘rinishi. Oq tusli va Ko‘paytirish maqsadi. Chidamli, tez yetiluvchi zot, go‘shtining yuqori sifati va katta miqdordagi oppoq pat va parlari xom ashyosi bilan ajralib turadi. G‘ozlar 63 kunligida 3,5 – 3,7 kg.ni tashkil etadi. Mavsumda 25 – 30 dona tuxum beradi. Tuxumining urug‘lanishi 80 – 90%, og‘irligi 170 gr., rangi oq rangda. G‘ozlarning tirik vazni: erkaklari – 7 – 8 kg, urg‘ochilari – 6 7 kg.ni tashkil etadi.

Vishtines zoti.

Vishtines — Litva va Sharqiy Prussiya g‘ozlari bilan keyinchalik Emden va Pomeran zotlarini murakkab chatishtirish orqali yaratilgan. Bu g‘oz zoti asosan Boltiqbo‘yida tarqalgan. Uni semirtirib, katta jigari hamda sifatli pat va parlari uchun boqiladi. Rangi oq tusli, mavsumda 25

– 40 dona tuxum beradi, ulardan 64 – 65% ochib chiqadi. Tuxumining og‘irligi 170 – 180 gr. Tuxum berishni 310 kunlik yoshidan boshlaydi. G‘ozlarning tirik vazni: erkagi 6 – 6,5 kg, urg‘ochisi 5,5 – 6 kg.ni tashkil etadi.

Yirik kul rang zotli g‘ozlar.

Kelib chiqishi. XX asrning 50- yillarida Romen va Tuluza zotlarini chatishtirish, keyinchalik ularning katta tirik vazni va tuxum berishiga qarab saralab yaratilgan zot. Bu zot bir vaqtning o‘zida Ukraina parrandachilik ilmiy ishlab chiqarish institutida va Rossiyaning Tambov viloyatidagi “Arjenka” xo‘jaligida yaratilgan. Shuning uchun bu zot yana 2 ta tipga – Borovskiy va Tambovskiy stepnoylarga bo‘linadi.

Ko‘paytirish maqsadi. Mahsuldor zot, go‘shti juda sifatli. Yiliga 35 – 45 dona, ikki siklda 60 donagacha tuxum beradi. Tuxumining vazni 175 gr., rangi oq, tuxum berishi mavsumli – fevral, aprel oylari. Aprel – may oylaridan tuxumining urug‘lanishi pasayib ketadi. Tuxumdan g‘oz jo‘jalarini ochib chiqishi 55 – 60% ni tashkil etadi. Yosh g‘ozlarning 60-kunligida tirik vazni 4 – 4,5 kg.ni tashkil etadi. Yog‘li jigarining og‘irligi 350 – 450 gr. G‘ozlarning vazni: erkagi – 7 – 9 kg, urg‘ochisi – 6 – 8 kg. bo‘ladi.

Xitoy zotli g‘ozlar

Kelib chiqishi. Ushbu zot ko‘p asrlar oldin xonakilashtirilgan Quruq burun (suxonos) g‘ozidan yaratilgan. XVIII asrda Xitoydan Yevropaga keltirilgan. Yiliga 45– 70 dona, alohida mahsuldorlari 100 donagacha tuxum beradi.

Ko‘paytirish maqsadi. Noyob zot, ajoyib tashqi ko‘rinishi, serharakatliligi bilan ajralib turadi. Tuxumining og‘irligi 120 gr., rangi qaymoq – oq rang, 9 oylik yoshidan tuxum berishni boshlaydi. Tuxumdan g‘oz jo‘jalarini ochib chiqishi 75 – 80% ni tashkil etadi. Yosh g‘ozlarning 60-kunligidagi tirik vazni 3 – 3,5 kg. Go‘shti yog‘siz, nozik va shirin mazali. Tirik vazni: erkagi – 5 kg, urg‘ochisi – 4 kg.

Kuban zotli g‘ozlar

Kelib chiqishi. Xitoy va Gorkov zotlari asosida Kuban qishloq xo‘jalik institutining Parrandachilik kafedrasi xodimlari tomonidan XX asrning 60- yillarida yaratilgan.

Ko‘paytirish maqsadi. Yuqori mahsuldor, tuxum yo‘nalishidagi zot. Yiliga 75 – 85 dona, ayrimlari 140 donagacha tuxum beradi. Tuxumining og‘irligi 150 gr., rangi oq – qaymoq rang, jinsiy yetukligi 240 – 260 kunda, bir yilda 220 – 280 kun tuxum beradi. Tuxumdan g‘oz jo‘jalarini ochib chiqishi 75 – 84% ni tashkil etadi. Yosh g‘ozlarning 60-kunligidagi tirik vazni 3,4 – 3,7 kg.ni tashkil etadi. Go‘shti yog‘siz, nozik va mazali. Tirik vazni: erkagi – 5,5 – 6 kg, urg‘ochisi – 5 – 5,5 kg.

Gorkov zotli g‘ozlar

Kelib chiqishi. XX asrning 50-yillari Rossiyaning Gorkov viloyatida Xitoy zotli g‘ozlar bilan mahalliy zotlarni chatishtirib, qoni Solnechnogor zoti bilan aralashtirilgan.

Ko‘paytirish maqsadi. Yuqori mahsuldor zot, go‘sht va tuxum mahsuldorligini o‘zida jamlashtirgan. Jinsiy yetuklikka 200 – 250 kunligida erishiladi. Yosh g‘ozlarning 60-kunligida tirik vazni 3,5 – 3,8 kg.ni tashkil etadi. Yiliga 45 – 50 dona tuxum beradi, og‘irligi 150 gr., rangi oq. Tuxumining urug‘langanligi 90%, jo‘ja ochib chiqishi 70 – 80% ni tashkil etadi. Tirik vazni: erkagi–7–8 kg, urg‘ochisi–6–7 kg.

Italiya zotli g‘ozlar

Kelib chiqishi. Italiya mahalliy g‘oz zotlaridan mukammalashtirish orqali yaratilgan zot. XIX asrning ikkinchi yarmidan buyon maʼlum.

Ko‘paytirish maqsadi. Mahsuldor, tuxum yo‘nalishidagi zot, go‘shti sifatli. Yiliga 45 – 55 dona, ikki siklda 70 – 80 dona tuxum beradi. Tuxumining vazni 165 gr., rangi oq. Tuxumdan g‘oz jo‘jalarini ochib chiqishi 65 – 70% ni tashkil etadi. Yosh g‘ozlarning 9 – 10 haftaligidagi tirik vazni 4 – 4.2 kg. ni tashkil etadi. Tuxum bosish instinkti mavjud. Bu zot yog‘li jigar yetishtirish uchun ham boqiladi. Semirtirilgan g‘ozning tirik vazni 8 kg bo‘lsa, undan 500 – 600 gr. yog‘li jigar olish mumkin. Tirik vazni: erkagi – 5.5 – 7 kg, urg‘ochisi – 4.5 – 6 kg.

Reyn oq zotli g‘ozi

Kelib chiqishi. Germaniyaning mahalliy g‘oz zotlaridan to‘g‘ri seleksiya ishlari orqali yaratilgan.

Ko‘paytirish maqsadi. Tez yetiluvchi, tuxum yo‘nalishidagi g‘oz zoti, sifatli go‘shti bilan maʼlum. Yiliga bir siklda 45 – 50 dona, ikki siklda 65 – 80 dona tuxum beradi. Tuxumining og‘irligi 170 gr., rangi oq. Mahsuldor, tuxum yo‘nalishidagi zot, go‘shti sifatli. Tuxumdan g‘oz jo‘jalarini ochib chiqishi 65 – 70% ni tashkil etadi. Yosh g‘ozlarning 63 kunligidagi yoshida tirik vazni 3,8 – 4 kg. ni tashkil etadi. Yog‘li jigar yetishtirish uchun ham boqiladi, 500 – 600 gr.gacha yog‘li jigar olish mumkin. Tirik vazni: erkagi – 6,5 kg, urg‘ochisi – 5,5 kg.

Pskov kal g‘ozi

Kelib chiqishi. Qadimiy Rus zoti bo‘lib, Pskov guberniyasida mahalliy uy zotlarini yovvoyi oqpeshona zoti bilan chatishtirish orqali yaratilgan.

Ko‘paytirish maqsadi. Mahalliy zotning noyob xislatlarini saqlab qolish. Yillik tuxum berish 20 – 25 donani tashkil etadi. Tuxumining og‘irligi 180 gr., rangi oq. Yosh g‘ozlarning 63 kunligidagi tirik vazni 3,9 – 4,2 kg.ni tashkil etadi. Tirik vazni: erkagi – 7,5 – 8,5 kg., urg‘ochisi – 6,5 – 7,5 kg.

 

Romen zotli g‘ozlar

Kelib chiqishi. Poltava viloyatida mahalliy g‘ozlarni chatishtirish va ulardan mahsuldorlarini saralab olish orqali yaratilgan zot. Ukrainaning Chernigovsk, Sumsk, Poltava, Kiyev va boshqa viloyatlarda keng tarqalgan.

Ko‘paytirish maqsadi. G‘ozlarning tirik vazni – erkagi 6 kg, urg‘ochisi 5,5 kg. ni tashkil etadi. Yosh g‘ozlarning 60 kunligidagi yoshida tirik vazni 3,4 – 3,5 kg. ni tashkil etadi. Yiliga bir siklda 15 – 20 dona tuxum beradi, og‘irligi 160 – 170 gr.ni tashkil etadi. Tuxumdan g‘oz jo‘jalarining ochib chiqishi 55 – 60% ni tashkil etadi.

Xolmogor zotli g‘ozlari

Kelib chiqishi. Qadimiy Rus zoti. Rossiyaning markaziy viloyatlaridagi mahalliy oq rangli zotlar bilan Xitoy zotini chatishtirish orqali yaratilgan zot.

Ko‘paytirish maqsadi. Kuchli, chidamli, go‘sht yo‘nalishidagi, ajoyib tashqi ko‘rinishga ega bo‘lgan zot. Yiliga 30 – 40 dona tuxum beradi, og‘izligi 190 gr., rangi oq. Yosh g‘ozlarning 60 kunligidagi tirik vazni 3,9 kg. ni tashkil etadi. Tuxumdan g‘oz jo‘jalarini ochib chiqishi 50% ni tashkil etadi.

Tula jangovor zotli g‘ozi

Kelib chiqishi. Qadimiy Rus zoti. Bir necha asrlardan beri g‘oz janglarini o‘tkazish uchun qo‘llab kelinmoqda.

Ko‘paytirish maqsadi. Chidamli, noyob tashqi ko‘rinishga va jangavor xususiyatlarga ega bo‘lgan rus zotini saqlab qolish.  Yiliga 25 dona tuxum beradi, og‘irligi 150 gr., rangi oq. Yosh g‘ozlarning 60 kunligidagi tirik vazni 4 kg.ni tashkil etadi. Ona g‘oz tuxumlardan jo‘jalarni yaxshi ochib chiqadi va himoya qiladi. Tirik vazni: erkagi – 5,5 kg, urg‘ochisi 5 – 5,5 kg.ni tashkil etadi.

G‘ozlarni ko‘paytirish

Nasl uchun saralash

G‘ozlardan nasl olish ishlari oktyabr oyining ikkinchi yarmi – noyabr oyining boshlarida o‘tkaziladi va 3 : 1 nisbatda, yaʼni uchta urg‘ochi g‘ozga bitta erkak g‘oz hisobida qoldiriladi. Yaroqsiz deb ajratilgan g‘ozlar yog‘li jigarini olish uchun semirtirishga qo‘yiladi. Naslga saralashda zotning ajralib turuvchi belgilariga, yaʼni tirik vazni, qomati, pat qoplami va go‘shtining turlariga eʼtibor beriladi. Erkak g‘ozlarning tirik vazni oldindan aniqlanadi va galadan ajratiladi. Erkak g‘ozlarning urg‘ochisiga nisbatan olinadigan naslning sifatiga, yaʼni mahsuldorligiga va chidamliligiga taʼsiri katta bo‘ladi. Shuning uchun erkak g‘ozlarni naslga tanlab olishga katta eʼtibor berish kerak. Erkak g‘ozdan xo‘jalikda 4 yil, urg‘ochisidan 5- 6 yil foydalanish mumkin. Ularni saralash va boqish jarayonining qanday darajada bajarilganligini inkubatsion tuxumlar sifatidan bilish mumkin. Agar erkak g‘oz urchish mavsumida ozib ketsa, inkubatsion tuxumning urchiganligiga va sifatiga taʼsir etadi. Bunday erkak g‘ozlarga qo‘shimcha ravishda ozuqa beriladi. Erkak g‘ozlarda qarindoshlik urchishlar bo‘lmasligi uchun ular har 3 yilda almashtirib turiladi. Erkak g‘ozlar boshqa xo‘jalik yoki hududlardan bir kunlik g‘oz jo‘jasi yoki tuxum olib kelish hisobiga almashtiriladi. Zotning chidamliligini oshirish maqsadida ikki zot chatishtiriladi, bunda urg‘ochi g‘oz tuxum yo‘nalishida, erkak g‘oz go‘sht yo‘nalishida bo‘lishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Ota-ona galasini parvarishlash

Ona g‘ozlarning tuxum qo‘yishni boshlashini besaranjom bo‘lishidan bilish mumkin. Ular iniga tez-tez o‘tiradi va hashaklarga ko‘milib oladi. Ona g‘ozlar, odatda, kun ora tuxum qo‘yadi. Tuxumni havo harorati noldan past bo‘lganda inida qoldirib bo‘lmaydi. Sovuq kunlari terib olingan tuxumlar harorati +8 – 12oS, yaxshi shamollatib turish imkoniga ega xonalarda saqlanadi. Tuxum uchun yuqori harorat ham, past harorat ham zararlidir.

G‘ozlar asosan go‘shtga boqilishini inobatga oladigan bo‘lsak, unda olinadigan barcha tuxumlar g‘oz jo‘jasini ochirib chiqarish uchun ishlatiladi. Avvalombor hammasi to‘liq urug‘lantirilgan, inkubatsiyaga yaroqli tuxumlarni olishni aniqlash zarur. Buning uchun bir necha sharoitlar yaratish kerak bo‘ladi. Birinchidan, bir bosh erkak g‘ozga urg‘ochi g‘ozlar soni to‘rttadan oshmasligi kerak. Ikkinchidan, g‘ozlarni faqat uyalarda tuxum berishga o‘rgatish zarur, uyani ozoda va toza tutish kerak. Uyaning poli taxtadan yasaladi, to‘shamasi yangi, qalin va quruq bo‘lishi kerak.

Tuxum terish. Tuxumlarni uyadan kuniga ikki mahal terish tavsiya etiladi. Tuxumlar issiqligida terilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Uyadan yangi terib olingan tuxumlar +12 – 18oS gacha sovutiladi va inkubatsiyaga qo‘yilgunga qadar havo harorati +12oS va nisbiy namligi 75 – 80% bo‘lgan toza xonada saqlanadi. Tuxum saqlash idishi (savat, quti, karton quti, fanerdan yoki taxtadan yasalgan moslamalar) toza, quruq, mog‘orsiz va begona hidsiz bo‘lishi kerak.

Tuxumlarni inkubatorga yoki kurk bo‘lgan g‘ozning tagiga qo‘yilgunga qadar gorizontal yotqazilgan holatda 15 kungacha saqlash mumkin. Tuxumlarni 10 kundan ko‘p saqlaganda, ularning sifati pasayadi va tuxumdan g‘oz jo‘jalarini ochib chiqish foizi kamayadi. Tuxumlarni har 3 – 4 kunda murtak (zarodiщ) tuxum qobig‘i plenkasiga yupishib qolmasligi uchun ag‘darib turish kerak bo‘ladi.

Inkubatsion tuxumga bo‘lgan talab. Tuxumlar inkubatorga yoki kurk bo‘lgan g‘ozning tagiga qo‘yishdan oldin saralanadi, juda yirigi (ikki sariqlik) va juda kichkinasi, noto‘g‘ri shakllanganligi (yapaloqroq, juda uzun, dumaloq va boshqalar) hamda qobig‘i yorilgan (ikki tuxum bir-biriga asta urib aniqlanadi) tuxumlar olib tashlanadi. Tuxumlarning ichi ovoskopda yoki qorong‘i xonada ichkariga tushayotgan quyosh nuriga qaratib ko‘rilganda, tuxum ichida uchli tomonida puga (havo), qon dog‘lari, begona narsa hamda sarig‘i siljuvchi bo‘lsa, ular yaroqsiz bo‘lganligi uchun ajratib tashlanadi.

Agar g‘oz tuxumlari ustining 50% dan ko‘pi ifloslangan bo‘lsa, tuxumlar inkubatsiyaga qo‘yishdan oldin yuviladi. Tuxumlar extiyotkorlik bilan qobiq ustidagi kutikulasiga zarar yetkazmasdan yuviladi. Ular o‘zining haroratidan +5 – 6oS ga yuqori bo‘lgan toza suvga solinadi. Ustidagi iflos narsalar 1 – 1,5% li perekis vodorodida yoki nimrang permanganat kaliyda yuvib tashlanadi. G‘oz tuxumida 70% oqsil mavjud. Tuxumlar uzoq vaqt saqlanganda qobiq orqali ichiga tushgan mikroorganizmlar uchun juda yaxshi muhit bo‘lganligi sababli ular katta tezlikda rivojlanishni boshlaydi va tuxum oqsilini parchalaydi. Natijada inkubatsiya davrida tuxum ichida tumaklar – qoramtir suzib yuruvchi dog‘lar payda bo‘ladi. Ayrim holatlarda oqsillarning parchalanishi oqibatida katta miqdorda gaz hosil bo‘lishi natijasida payda bo‘lgan bosimga tuxum qobig‘i bardosh bera olmay yorilib ketadi va yon atrofdagi boshqa tuxumlarni ham zararlaydi.

Tabiiy kurk bo‘lish

Tuxumni inkubatorda ochirib chiqarish imkoni bo‘lmasa, unda kurk bo‘lgan ona g‘ozlar yoki boshqa parrandalar (kurka, tovuq, o‘rdak va boshqalar) tagiga qo‘yib ochirish mumkin bo‘ladi. Kurk bo‘lgan parrandaning yirikligidan kelib chiqib, g‘oz yoki kurka tagiga 9 – 15 dona tuxum qo‘yiladi, o‘rdakka 8 – 10 dona, tovuqqa 5 – 7 dona tuxum qo‘yiladi. Kurk bo‘lgan parranda qanotini ochmasdan tanasi bilan hamma tuxumlarni to‘liq qoplashi shart. Tuxumlar parrandaning tagidan dumalab chiqmasligi, to‘shama yoki polga tushib qolmasligi uchun xabardor bo‘lib turish kerak.

Kurk g‘ozni tanlab olish. Tuxum qilish mavsumining oxiriga kelib, g‘ozlar o‘zlaridan pat va parlarini yulib, inlariga taxlay boshlaydi. Urg‘ochi g‘oz oxirgi tuxumini qilgandan keyin uyada qoladi, faqat oziqlanish uchun tashqariga chiqishi mumkin. Shu davrda kurk parrandani topish zarur bo‘ladi, keyinchalik tashlab ketmasligi uchun uni yaxshilab tekshirib ko‘rish kerak. Odatda, yoshi kattaroq kurk bo‘lgan g‘ozlarga beriladi. Tuxumni uning tagiga qo‘yishdan oldin, 3 – 4 kun boshqa tuxumlarni qo‘yib tekshirib ko‘riladi, agar tashlab ketmasa, tuxumni bemalol qo‘yish mumkin. Xonada tinchlik, osoyishtalik bo‘lishi kerak, yorug‘lik xira bo‘lgani maʼqul. Kurkni tekshirish uchun tuxum bosib yotgan joyiga odam yaqinlashsa, g‘oz turib ketmasdan, qanotlarini qimirlatib qo‘rqitish uchun o‘ziga xos tovush chiqarsa, unda kurk ishonarli bo‘ladi.

Uyaga ko‘nikib, xotirjam o‘tirishi uchun kurk uyaga kechasi o‘tqaziladi. Yaxshi kurk g‘oz tuxumga o‘tqazilgandan keyin darrov tuxumlarni tagiga olishni boshlaydi va xotirjam o‘tiradi. Tuxumlar isigandan keyin chetidan o‘rtaga dumalatib olishni boshlaydi. Markazda joylashgan tuxumlar issiq bo‘ladi. G‘oz embrionlari inkubatsiya davrida issiqlikni ko‘tara olmaydi, shuning uchun ularni markazdan tashqariga va aksincha dumalatib, joyini almashtirib turish issiqlab ketishdan saqlaydi va murtakning hamma tuxumlarda bir xil o‘sishini taʼminlaydi. Tuxumdagi murtakka toza havo va xona harorati +12–14oS zarur bo‘lgani uchun xonani vaqti-vaqti bilan shamollatib turish kerak.

Uya tuxum qo‘yishdan oldin 2% li kaustik sodasi, 2% li ohak xlori yoki 1% li formalin bilan dezinfeksiya qilinadi, quritiladi, poliga quruq, chirimagan, mog‘orlamagan somondan to‘shama solinadi. To‘shama tagiga kul bilan romashka o‘simligining kukuni aralashtirilib har xil zararkunandalar paydo bo‘lmasligi uchun sepiladi.

Kurk bo‘lgan g‘ozlarni parvarishlash. Kurk bo‘lgan g‘ozlarga har kuni suv va ozuqa beriladi. Ozuqa va toza ichimlik suvi uya yoniga qo‘yiladi. Kurklarni don va don chiqindilari bilan boqish maqsadga muvofiq bo‘ladi. G‘ozlar oziqlanishi va aylanishi uchun taxminan 20 daqiqa vaqt ketadi. Aylanish vaqtida cho‘milishi uchun ham sharoit yaratib berish kerak. Buning uchun hovlida tog‘oraga yoki boshqa idishga suv qo‘yiladi. Agar kurk g‘oz o‘z vaqtida joyiga qaytmasa, u haydab kirgiziladi va tuxumlarga o‘tqazib qo‘yiladi. Ayrim hollarda kurk g‘oz bir necha kun o‘rnidan turmaydi. Bunday hollarda uni asta ko‘tarib, yem va suvning oldiga olib kelish kerak. Bu vaqtda uya ko‘zdan kechiriladi, singan tuxumlar bo‘lsa olib tashlanadi, go‘ngdan va ifloslardan tozalanadi, yangi, toza va quruq somon to‘shaladi.

Agar kurk g‘oz tuxumda uch hafta o‘tirgandan keyin tuxumini chaqib, ichidagi embrionni cho‘qib yeb, tuxumning suvini ichib qo‘ysa, bunga ratsion tarkibida kelib chiqishi hayvonlarga oid ozuqalar yetarli bo‘lmaganligi sabab bo‘ladi. Shuning uchun tuxumda o‘tirgan kurk g‘oz ratsioniga tvorog, sut va boshqalar kelib chiqishi hayvonlarga oid bo‘lgan ozuqalar qo‘shiladi.

Inkubatsion tuxumning rivojlanishini kuzatib borish. Inkubatsiyaning 11-kuni tuxum ovoskopda yoki quyoshning nurida yuqorida taʼkidlab o‘tilganidek kuzatiladi. Kuzatuv vaqtida urug‘lanmagan yoki murtagi nobud bo‘lgan tuxum aniqlanishi mumkin. Urug‘lanmagan tuxumning ichi bir tekis yorug‘ bo‘ladi, urug‘langan tuxumda butun tuxum bo‘ylab cho‘zilib turgan ipsimon qon tizimi va qora dog‘cha kattaligida ko‘zga o‘xshab ko‘rinib turgan murtakni kuzatamiz. Murtagi nobud bo‘lgan tuxumda murtakni o‘rab olgan qon halqasini ko‘rish mumkin. Bunday tuxumlar uyadan olib tashlanadi. Uyadan yana tuxum – tumaklar ham olib tashlanadi.

Inkubatsiyaning 27 kuni ikkinchi kuzatuv o‘tkaziladi. Bu vaqtda g‘ozning tumshug‘iga o‘xshagan (bukri) harakatdagi soya ko‘rinadi. Murtagi nobud bo‘lgan tuxumda qon tomirlar tizimisiz bir tekis qora massa (quyqa) ko‘rinadi. Ayrim hollarda bunday tuxumlar tovlanadi. Bunday tuxumlar ham uyadan olib tashlanadi. G‘ozlar tuxumidan 28 – 30 kunda jo‘jasi ochib chiqadi. Og‘ir vaznli zotlarda 1 – 2 kunga kechroq chiqishi mumkin.

G‘oz jo‘jasining ochib chiqishi. Kurk g‘oz tuxumda o‘tirgan vaqtda tuxumning ichidagi jo‘ja bilan aloqa o‘rnatiladi. G‘oz jo‘jasi tuxumni ochib chiqishdan ikki kun oldin, agar tuxum sovib ketsa yoki namligi pasayib ketsa, uning ochib chiqishi qiyinlashgani tufayli chiyillagan tovush chiqaradi. Kurk g‘oz tovushni eshitib, darrov tuxumlarni isitish uchun ag‘dara boshlaydi. Tuxumning qobig‘i isib yoki namligi joyiga kelganda, ichidagi jo‘ja “go-go-go” deb tovush chiqaradi. Ularni eshitib kurk g‘oz ham shunday tovush chiqaradi. Ochib chiqishidan bir kun oldin tuxum quloqqa qo‘yilsa, jo‘janing tumshug‘i bilan tuxum qobig‘ini urayotgan tovushini eshitish mumkin.

Jo‘jalar tuxumdan ochib chiqish vaqtida kurk g‘ozlar bezovta bo‘lishadi, bu davrda ularni uyadan olib bo‘lmaydi. Ochib chiqqan jo‘jalarning usti to‘liq qurimaguncha va kindiklari tortilmaguncha ularga tegib bo‘lmaydi. Qurigan g‘oz jo‘jalari kindigini jarohatlamasligi uchun tagiga somon yoki latta solingan qutilarga joylanadi va boshqa issiq xonaga olib chiqiladi. Shu bilan birga tuxum qobiqlari ham olib tashlaydilar. Jo‘ja chiqishi tugagunicha xona harorati 26 – 28oS da ushlanadi. Agar ayrim tuxumlardan jo‘ja chiqishi qiyinlashsa va chiyillagan xavotirli tovush chiqsa, qobiq osti pardasi qurib, yopishib qolgan bo‘lsa yoki jo‘ja tuxumning uchli tomonidan yorib chiqqan bo‘lsa, bunday jo‘jalarga yordam berish kerak bo‘ladi. Buning uchun ehtiyotkorlik bilan tuxum qobig‘ini mayda parchalarga bo‘lib ajratib olinadi, agar shunda qon ko‘rinsa yordam berish darhol to‘xtatiladi. G‘oz jo‘jalari to‘liq tuxumdan ochib chiqqandan keyin ona g‘ozning oldiga qo‘yib yuboriladi. Agar bir vaqtning o‘zida 2 – 3 kurk g‘ozlar jo‘ja ochib chiqqan bo‘lsa, unda hamma jo‘jalarni bir qilib, bir ona g‘ozga qo‘shib qo‘yish mumkin.

Sunʼiy inkubatsiya

G‘oz tuxumlari boshqa parrandalar tuxumlaridan o‘zining kattaligi, qobig‘ining qalinligi, tuzilishi, kimyoviy tarkibi va inkubatsiya vaqtining uzunligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun g‘oz tuxumining inkubatsiyasi o‘z xususiyatlariga ega. Eng muhimi, boshida va oxirida farqli rejim talab etiladi.

Inkubatsiyaning birinchi kunlari tuxumni tez (2 – 3 soatda) va yaxshi isitish kerak bo‘ladi. Oxirgi kunlari, jo‘ja ochib chiqishidan oldin fiziologik issiqlikni o‘z vaqtida va doimo tashqariga chiqarib turish zarur. Suvda suzuvchi parrandalar uchun inkubatsiya vaqtida qo‘shimcha sovutish va havoni namlab turish tizimi kerak bo‘ladi. G‘oz embrionlarining rivojlanishi uchun kerak bo‘ladi havo harorati va nisbiy namlik kameraning shamollatilishi va havo harakatining tezligiga bog‘liq. G‘oz jo‘jasining to‘liq rivojlanishi uchun 19247 ml kislorod talab etiladi va 14019 ml uglekislota ajralib chiqadi. Bu tovuq murtagining rivojlanishi uchun kerak bo‘lgan ko‘rsatkichdan uch barobar va o‘rdaknikidan ikki barobar ko‘pdir.

Inkubator parametrlari. G‘oz tuxumlarini “Universal” inkubatorlarida inkubatsiya rejimi turli sxemada har xil qo‘yiladi (1- va 2-jadvallar).

Jadval №1. Quyidagi sxemada tuxumlar inkubatorlarga qo‘yilganda inkubatsiya parametrlari quyidagilar bo‘ladi: bir partiya tuxum o‘rtacha shkafda 1-kundan 9-kungacha, 10-kuni oxirgi shkafga o‘tkaziladi, lotokda 52 donadan tuxum qo‘yiladi (“Universal” inkubatorida).

Nomi

Kun

Quruq termometr ko‘rsatkichi, toS

Nam termometr ko‘rsatkichi, toS

Ventilyatsiya qopqog‘ini ochiqligi, mm

Inkubatsiya shkafi

1 – 9

37,8 – 38

30 – 31

15

Inkubatsiya shkafi

10 – 28

37,5

28

15

Ochirib chiqarish shkafi

37,2

29 (chiqish oldidan, cho‘qish vaqti)

32 (ochib chiqishda)

20

Jadval №2. Quyidagi sxemada tuxumlar inkubatorlarga qo‘yilganda inkubatsiya parametrlari quyidagicha bo‘ladi: bir partiyada bir vaqtning o‘zida shkaf xajmiga nisbatan 75 – 100% tuxumni qo‘yish (“Universal” inkubatori).

Nomi

Kun

Quruq termometr ko‘rsatkichi, toS

Nam termometr ko‘rsatkichi, toS

Ventilyatsiya qopqog‘ini ochiqligi, mm

Inkubatsiya shkafi

1 – 15

37,8

29

15

Inkubatsiya shkafi

16 – 28

37,4

27,5

15

Ochirib chiqarish shkafi

37,2

29 (chiqish oldidan, cho‘qish vaqti)

32 (ochib chiqishda)

20

G‘oz jo‘jalarining naslini baholash. G‘oz jo‘jalarining kasal va yaroqsizlaridan tashqari hammasi boqishga qo‘yiladi. Kuchsiz, kindigi bitmagan, kam harakat, oyoqlari ikki tomonga tarvaqaylagan va boshqa kamchiliklari bor g‘oz jo‘jalari alohida ushlanadi. Oyoqlari tarvaqaylab ketgan g‘oz jo‘jalarining oyoqlari birlashtirilib, bint bilan boylab qo‘yiladi, 2 – 3 kundan keyin suyaklari qotganda bint olib tashlanadi.

G‘ozlarni parvarishlash

Parrandaxona

G‘ozlarni parrandaxonada boqish. G‘ozlar issiqqa talabchan emas, past darajali havo haroratiga chidamli, quruq to‘shamada qattiq sovuqdan ham qo‘rqmaydi. Xo‘jalik tomorqasida g‘ozlarni boqish uchun mavjud binolarni moslashtirish mumkin yoki yangisini qursa ham bo‘ladi. Parrandaxona qurish uchun katta mablag‘ kerak bo‘lmaydi, mahalliy, qurilishdan ortib qolgan yoki eski binolarni buzishdan chiqqan materiallardan ham foydalanish mumkin. Parrandaxona tomini qamish, daraxt shoxlari yoki somon loy bilan yopish mumkin. Polini taxtadan yasagan maʼqul. Poliga yerning o‘zini qoldirish mumkin, lekin tashqaridan 15 – 20 sm baland bo‘lishi kerak. Devorlarini shtukaturka qilib, 20% lik ohak bilan oqlab chiqish kerak. Derazalari poldan 50 sm yuqorida o‘rnatiladi. Yorug‘lik polning ustida 15 lk dan kam bo‘lmasligi kerak. Parrandaxonaga isitish va shamollatish (ventilyatsiya) uskunalari o‘rnatiladi, setka bilan to‘sib 50 – 150 boshga mo‘ljallab xonachalarga bo‘linadi. Xona toza, quruq va yaxshi shamollatiladigan, yelvizaksiz bo‘lishi kerak. Yelvizak va namlik g‘ozlarning mahsuldorligiga salbiy taʼsir etadi. Parrandaxona havosini 1 soatda 8 marta to‘liq almashtirish kerak. Xonaning balandligi o‘rtasida 2 m., devor oldida 1,7 m. bo‘ladi.

To‘shama. To‘shama uchun xo‘jalikdagi qipiq, qirindi, somon, torf, maydalangan makkajo‘xori so‘tasi, kungaboqar va tariq luzgalarini ishlatish mumkin. To‘shama quruq, toza, nam ko‘taradigan, mog‘orlamagan bo‘lishi kerak. Bir bosh g‘ozga bir yilga 40 kg to‘shama kerak bo‘ladi. G‘ozlarning sog‘ligi va holati, xonaning harorati va namligi taʼsir etuvchi to‘shamaga bog‘liq.

G‘ozlar to‘shamasi nam bo‘lsa patlari ifloslanadi, xurpayib qoladi va tanasi issiqligini yaxshi saqlay olmaydi. Shu bilan birga ozuqa sarfi ko‘payadi, organizmning tashqi muhit taʼsiriga qarshiligi kamayadi, g‘ozlarda shamollash alomatlari paydo bo‘lishi mumkin. G‘ozlarni shamollashdan quruq to‘shama saqlashini esdan chiqarmaslik kerak. Kunlar soviy boshlaganda, to‘shamani solishdan oldin polning 1 m2 joyiga 0,5 – 1 kg hisobida maydalangan quruq ohak sepiladi, so‘ng qipiq, maydalangan makka so‘tasi, somon, qirindi va boshqalar, qalinligi 5 sm.dan kam bo‘lmagan va 15 sm dan ko‘p bo‘lmagan to‘shamalar solinadi. Ularning ustiga suvdon, yemdon va uyalar o‘rnatiladi. Agar to‘shamada namlik paydo bo‘lsa, ana shu joyi olib tashlanadi va maydalangan quruq ohak bilan sepib, yangi to‘shama solinadi. To‘shama g‘ozlar partiyasi almashganda yoki mavsum (bahor yoki kuz) tugaganda to‘liq almashtiriladi.

Harorat rejimi. G‘ozlar tanasi qalin va issiq parlar bilan qoplanganligi uchun sovuq haroratdan yaxshi saqlanadi. Ular parrandaxona harorati –10oS bo‘lganda, vaqtinchalik –25oS bo‘lganda ham chidaydi. Lekin past haroratda ayniqsa nasl (urchish) mavsumida g‘ozlar tuxum bermay qo‘yadi, shuning uchun parrandaxona tirqishlari yaxshilab yopilib, issiqlikni yaxshi ushlaydigan bo‘lishi kerak. Parrandaxona harorati –4 – 5oS dan sovuq bo‘lishi kerak emas, aks holda tuxumlar muzlab qoladi va inkubatsiya davrida jo‘ja ochib chiqmaydi.

Yorug‘lik rejimi. G‘ozlar odatda tabiiy yorug‘likda fevral oxirlarida yoki martning boshlarida tuxum qo‘yishni boshlashadi. Agar yanvar oyidan yorug‘likni 14 soatgacha uzaytirsak (elektr yorug‘lik ertalab 6 da yoqiladi va soat 20 da o‘chiriladi) va xonada issiqlikni saqlab tursak, ulardan tuxumni yanvarning oxiridan yoki fevralning boshlaridan olish mumkin. Sunʼiy yorug‘likdan tabiiy yorug‘lik 14 soatga yetgunga qadar foydalaniladi.

Zichligi. G‘ozlarning har bir boshi uchun muqim turar xonalarida 1 m2 va harakatlanuvchi uychalarda 0,5 m2 pol maydoni ajratiladi. Joylashtirish zichligining meʼyori klimatik sharoitlardan kelib chiqadi. Masalan, O‘zbekiston sharoitlarida parranda kuni bilan tashqarida sayr maydonchasida yurgani uchun parrandaxonaga joylashtirish zichligi 1 m2 ga 2,5 bosh parranda hisobida ajratiladigan pol maydoni yetarli bo‘ladi.

Inventar va uskunalar. G‘ozlar uchun yemdonlar shunday yasaladiki, ulardan yemlar yerga to‘kilib, sarfi ko‘paymaydigan bo‘lishi zarur. Yemdonlar yengil va ishlatishga qulay bo‘lishi kerak. Ularni taxtadan, fanerdan yoki boshqa materiallardan yasash mumkin. G‘ozlarni oziqlanish vaqtida bir-birini bosib tashlamasliklari uchun yemdonlarni shunday qo‘yish kerakki, barcha g‘ozlar bir vaqtning o‘zida yemdonlardan oziqlanish imkoniga ega bo‘lsin. Mineral qo‘shimchalar (graviy, ozuqabop ohak, chig‘anoq va boshqalar) uchun bo‘limlarga bo‘lingan yemdonlar qo‘yiladi. Yemdonlar yerdan 20 sm balandlikda osib qo‘yiladi. Ko‘k o‘tlar berish uchun yasel tipidagi yemdonlar yasaladi. Yemdonlar har doim toza bo‘lishi shart.

Suvdonlar. G‘ozlarga suv berishda yog‘och, sement tog‘oralar, chelak yoki boshqa idishlar qo‘llaniladi. Tog‘aralarni diametri katta metall trubalardan ham yasash mumkin. Suvdondagi suv sachrab yerni va to‘shamani ho‘l qilmasligi uchun ularga metall yoki yog‘och setkadan to‘siqlar qo‘yiladi. Qishda suv muzlab qolmasligi uchun suvdonlarga vaqti-vaqti bilan issiq suv quyib turiladi yoki imkon bo‘lsa ular oqava suvga ulanadi. Yozning issiq kunlarida suv yetishmasligidan barcha g‘ozlar kasallanishi mumkin.

Uyalar. G‘ozlar uyalarda tuxum qilishga o‘rganishi uchun tuxum qilish mavsumidan bir oy oldin uyalar devor tagiga qator qilib, 2 – 3 bosh g‘ozga bir uya hisobida joylashtiriladi. Agar uyalar yetishmasa g‘ozlar tuxum qilish uchun panaroq joy qidira boshlaydi. G‘ozlar asosan erta saharda tuxum qiladi. Tuxumlar ifloslanmasligi uchun kechqurun yerga yangi to‘shama solib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Uyalarni sovuq devorlarga tirab qo‘yish va yorug‘lik kuchli bo‘lgan yerlarga joylashtirish tavsiya etilmaydi.

Uyalarning ichki hajmlari quyidagicha: eniga – 0,4 – 0,5 m, uzunligi – 0,65 m, balandligi – 0,6 – 0,65 m, ostonaning balandligi – 0,01 m. Uyalar taxta, faner, gorbil yoki boshqa yaroqli materiallardan yasaladi va ular shunday o‘rnatiladiki, kuzatish va tuxum terish, uyani tozalash vaqtida to‘shamani almashtirish imkoni bo‘lsin. Uya tagi taxtadan qilinadi.

Sayr maydonchasi. Shaharchalarga yaqin joylarda g‘ozlarni dalaga qo‘yib yuborib boqishning iloji yo‘q, bunday joylarda atrofi to‘silgan sayr maydonchasi hosil qilinadi. Yangi o‘rilgan ko‘k o‘tlar alohida beriladi, maydalangani ratsion qorishmasi hajmidan 40 – 50% miqdorida yemga aralashtirib beriladi. G‘ozlar cho‘milishi uchun idishlar moslashtiriladi va vaqti –vaqti bilan idishlar suv bilan to‘ldirib turiladi.

Sayr maydonchalarining kattaligi parrandalar uchun quyidagicha: bir bosh g‘oz jo‘jalari uchun – 1 m2, bir bosh yosh g‘ozchalar uchun – 5 m2, bir bosh katta (yetuk) g‘ozlar uchun – 15 m2. Sayr maydonchasi binoning janubiy tomonida bo‘lishi kerak. Sayr maydonchasida quyoshdan va yomg‘irdan himoya qiladigan uchun shiypon bo‘lsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

O‘tloq va suv havzalari. G‘ozlarni suv havzasi bor o‘tloqda boqish ular organizmining umumiy holatiga ijobiy taʼsir etadi. G‘ozlar bir kunda 2 kg ko‘k massa isteʼmol qilishlari mumkin. Tuxum qo‘yib bo‘lgandan keyin g‘ozlar o‘tloqqa chiqarib yuboriladi. G‘ozlarga o‘tloq sifatida suv bosib yotgan yerlar, suv chiqmaydigan yerlar, jarliklar, botqoqliklar hayvonlar uchun yaroqsiz bo‘lgan o‘tloqlardan foydalanish mumkin. G‘ozlar o‘tloqda katta miqdorda ko‘k massa isteʼmol qilganliklari uchun ozuqaga bo‘lgan talabini to‘la qondirishi mumkin. Ozuqa sarfini tejash uchun boshoqli donlar hosili yig‘ishtirib olingan yer maydonlarida g‘ozlarni boqish katta foyda beradi. Ular yerga to‘kilgan donlarni terib isteʼmol qilib, tez semiradi. G‘ozlar o‘tloqda ko‘proq vaqt bo‘lishlari, ko‘k massa va boshqa ozuqalarni isteʼmol qilishlari uchun ularni suv bilan taʼminlash kerak bo‘ladi. Agar o‘tloqning yaqinida suv manbai va quyosh nuridan himoya qiladigan butalar, daraxtlar va boshqa o‘simliklar bo‘lmasa, unda ko‘chma shiypon va suvdonlarda suv qo‘yiladi.

G‘ozlar to‘g‘risida, agar suv havzasi bo‘lmasa g‘ozlarni ko‘paytirish foydasiz va inkubatsion tuxumlari sifatsiz bo‘ladi, degan xato tushuncha bor edi. Albatta, toza oqava suv, qirg‘oqdagi barra o‘tlar g‘ozlarni boqish uchun juda yaxshi sharoit hisoblanadi. Biroq ilmiy tekshirishlar va yirik g‘ozchilik fabrikalarining tajribasi shuni ko‘rsatadiki, g‘ozlarni suv havzalarisiz ham samarali boqish mumkin. Yaxshi ozuqa va parvarish natijasida g‘ozlardan, yiliga 50 dona yuqori sifatli inkubatsion tuxumlar olib, samarali natijalarga erishish mumkin.

G‘ozlarni parvarishlash. G‘ozlarni parvarishlashda asosiy ko‘rsatkichlardan biri bu yuqori mahsuldorlik va kasalliklarning oldini olish hamda bu parrandaxonaning tozaligidir. Bahorning issiq kunlari kirib kelishi bilan yilda bir marta parrandaxona eski to‘shamasi va go‘ngidan tozalanib tashqariga chiqarib tashlanadi. Devorlari chang va iflosliklardan tozalanadi va yangi so‘ndirilgan ohak bilan oqlab chiqiladi. Uyalar va boshqa uskunalar ham ohak bilan oqlanib chiqiladi, suvdon va yemdonlar qaynoq suvda eritilgan 2% li kaustik sodasi bilan yuviladi. Yoz mavsumida g‘ozlarni kechasi parrandaxonaga kiritish shart emas. Qish mavsumida yaxshi ob-havo bo‘lganda, ular sayr maydonchasiga chiqariladi. Qishning sovuq kunlari soat 11 larda qisqa vaqtga chiqariladi.

Linka. Parranda tanasidagi pat qoplamasining almashishini linka deyiladi. Patlar eskirib, uchlari yeyilib, rangi namlikdan, quruqdan va quyosh nuridan kuyib, o‘z sifatini yo‘qata boshlaydi va parrandaning uchish qobiliyatiga ham salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Shuning uchun parrandalarning eski patlari to‘kilib, o‘rniga yangi va sifatli patlari o‘sib chiqadi. Linka yuvenal (yosh parrandada) va mavsumli bo‘ladi. Yuvenal linka turli parrandada turlicha yoshda bo‘ladi. Jo‘jalarda 30 – 45 kunligida boshlanadi va olti oyligida yoshida tugaydi. Suvda suzuvchi parrandalarda kechroq, 60 – 70 kunligida boshlanadi, lekin tezroq, 2 – 3 oydan keyin tugaydi. Katta yoshdagi parrandalarda linka parranda yoshiga bog‘liq emas, u yil mavsumiga bog‘liq bo‘lib, odatda, yoz yoki kuzda o‘tadi.

G‘ozlarni pat va parlarini yulish. Katta g‘ozlarning pat va parlari bir yilda ikki marta yulinadi. Birinchi marta – linka belgilari boshlanayotganda (may oxiri – iyun boshlarida), ikkinchisi – 7 – 8 haftadan keyin (iyul oxiri – avgust boshlarida). Yiliga ikki mavsumda tuxum olinsa, unda bir yilda bir marta yulinadi: may oxiri

  • iyun boshlarida. Yosh g‘ozlarni boqishda ikki marta: birinchi bor – 70

  • 80 kunligida yoshida, ikkinchi marta – 120 – 130 kunligida yoshida patlari yulinadi.

Yosh g‘ozlarning pat-parlari birinchi marta 60 gr.gacha, ikkinchi marta 100 gr. gacha yulinadi. Katta yoshdagi g‘ozlardan bir yulishda 120 – 150 gr. Pat-parlar yulinadi, shundan 38 – 40 gr.i parlardir. Tabiiy linka vaqtida g‘ozlarning pat-parlarini yulish og‘riqsiz kechadi, chunki eskirgan patlar tagidan yangi yosh patlar o‘sib chiqayotgan bo‘ladi.

Galada hamma g‘ozlar ham bir vaqtda linkaga kirmaydi. Yulish vaqtida linkasi oldin boshlangan g‘ozlarga ahamiyat beriladi va yangi chiqqan patlari hali yaxshi rivojlanmaganligi uchun ularni yulib bo‘lmaydi. Agar yangi o‘sib chiqqan patlari katta bo‘lib, eskilaridan ajratish qiyin bo‘lsa, ularning bir nechtasi yulinib, patlarning asosi ko‘riladi. Agar quruq va shaffof bo‘lsa, unda patlar rivojlangan bo‘ladi, agar patlar asosi qonga to‘lgan bo‘lsa, bu yosh o‘sayotgan patlar bo‘ladi. Yosh patlarni yulib bo‘lmaydi, chunki ularning parlari yaxshi o‘smagan (rivojlanmagan) bo‘ladi va pat kerakli miqdorda egiluvchan emas.

G‘ozlarning patlarini yulishdan 3 – 4 kun oldin va keyin stressga qarshi qo‘shimcha vitaminlar – 1 kg ozuqaga vit. A – 20000 IE, D3 – 2000 IE, K – 8 mg, V1 – 3, V2 – 8, V3 – 20, V5 – 50, Ve – 7, Vs – 1,5, biotin – 0,2, Vi2 – 0,02, xolinxlorid – 1500 va S – 50 mg miqdorida qo‘shiladi. Vitaminlar berishning imkoni bo‘lmaganda 1 kg ozuqaga 100 mg askorbin kislotasi qo‘shiladi.

Patlar va parlarni yulish va ularni yig‘ish tayyorgarligi xo‘jalikdagi yulinishi kerak bo‘lgan g‘ozlar bosh soniga bog‘liq. Bir kun oldin g‘ozlarga suv havzasida cho‘milib, patlarini chang va kirlardan tozalab olishiga imkon beriladi. Ertalab tushgacha patlarini yulib bo‘ladigan hajmda g‘ozlar soni qoldiriladi. Patlari yulib bo‘lingan g‘ozlar sayr maydonchasida qoldiriladi yoki o‘tloq uzoq bo‘lmasa, o‘tloqqa chiqarib yuboriladi. Pati yulingan g‘ozlarni pati yulinmaganlarga aralashtirib bo‘lmaydi, chunki tez-tez quvlash, ularni ajratib olish va boshqa harakatlar ularga salbiy taʼsir etadi. Hamma g‘ozlarning pati yulib bo‘lingandan keyin ular bir galaga birlashtirib yuboriladi. G‘ozlar patlarini yorug‘, qulay xonada yulish mumkin. Patlarni yulish jarayonida ehtiyot bo‘lib, bu ish eʼtibor bilan va xotirjam bajariladi, chunki g‘ozlar tabiatan asabiy bo‘ladi va zichlikka toqat qila olmaydi.

Patlarni yulish quyidagi tartibda o‘tkaziladi: yuluvchi taburetkaga yoki stulga o‘tirib, g‘ozning kuragini yerga va oyoqlarini o‘zidan nariga qaratib tizzasiga yotqizadi. Oyoqlari boylab qo‘yiladi yoki chap qo‘li bilan ushlab turiladi, o‘ng qo‘li bilan bo‘ynining pastidagi mayda pat va parlarni yulishni boshlaydi. Bu yerlardan parlar to‘liq yulib olinmaydi, siyraklashtirib olinadi. Yulingan joyi yalang‘och bo‘lib qolishi kerak emas. Qanoti, dumi, bo‘ynining yuqori qismi, yelkasi va oyoqlaridagi patlari qoldiriladi. Bo‘yin qismini yulayotganda, chap qo‘lning tirsagi bilan g‘oz ushlab turiladi. Ayniqsa qanotlari kuragiga qattiq qisilib turishi kerak, chunki parranda chiqib ketishga harakat qilib, qanotlarini qoqa boshlaydi, bunda g‘oz jarohat olishi mumkin.

Patlarni yulishni boshlashdan oldin, o‘ng qo‘l bilan bir necha marta qorin qismidagi patlar yo‘nalishiga qarshi tomonga yurgiziladi, bunda patlardagi chang tozalanadi, terisi sog‘lomligi, jarohatlar yo‘qligi va yangi yosh patlar o‘sayotibdimi, yo‘qmi aniqlanadi. Patlarni yulish ko‘krak suyagi kilining oxiridan boshlanadi. Qorinning orqa qismidagi patlari yulinib bo‘lgandan keyin old qismidan vilochkovo tagidagi chuqurlikkacha yulinadi. So‘ng orqa kismi kuragi va bo‘yinlari yulinadi. Patlari bilan parlarini birga yulib bo‘lmaydi.

Respublikamizda g‘ozlarning patlarini yiliga ikki marta yulish mumkin. Ikkinchi marta patlari to‘liq o‘sib bo‘lgandan keyin yulinadi. Tashqi muxit issiq bo‘lganda va patlari to‘liq o‘sib bo‘lgandan keyin (pati o‘sib chiqqandan 20 kundan so‘ng) g‘ozlarda qisman linka boshlanadi, bunda tanani qoplab turgan patlar almashadi. Qanot, dum, oyoq, yelka patlari ikkinchi marta almashmaydi. Patlari ikki marta yulinganda g‘ozdan 240 – 300 gr. Pat va parlar olish mumkin.

Patlarni yulish jarayonida g‘ozlar o‘zlarini tinch tutishadi. Patlari yulib bo‘lingandan keyin kun davomida g‘ozlar asabiy va qo‘rquv holatida bo‘ladi. Lekin bu holat tez o‘tib ketadi va g‘ozlar ishtaha bilan ozuqa isteʼmol qilishni boshlaydi. Ikki kun o‘tgandan keyin g‘ozlar ahloqida xech qanday o‘zgarish sezilmaydi. Patlari yulingandan keyin g‘ozlar orasida nobud bo‘lish hollari kuzatilmaydi. Pat va parlar bir kun davomida quyoshda yoki yaxshi shamollatiladigan xonada vaqtida ag‘darib turish yordamida quritiladi.

Jo‘ja olish va tashish. G‘oz jo‘jasini boqish uchun erta olinadi, lekin g‘oz jo‘jasi tuxumdan ochib chiqqandan keyin darhol olib ketiladi yoki 24 soatdan ko‘p bo‘lishi kerak emas. Bir kunlik g‘oz jo‘jalarini tagiga somon, hashak yoki yumshoq material solingan quti yoki savatlarda tashish mumkin bo‘ladi. G‘oz jo‘jalarini birinchi kunlari tana haroratini, jo‘janing ichidagi tuxum sarig‘i qoldig‘ini sarflash hisobiga ushlab turiladi. Kattaroq yoshdagi jo‘jalarni tashishda qutining tagiga qo‘shimcha isitish moslamasi o‘rnatish kerak bo‘ladi. Agar g‘oz jo‘jalari yo‘lda sovuqotgan bo‘lsa, unda xona haroratini 30oS gacha ko‘tarish kerak bo‘ladi, aks holda shamollashdan birinchi ikki hafta ichida jo‘jalarning ko‘pchiligi nobud bo‘ladi. G‘oz jo‘jalari dastlabki davrda, yaʼni 10 – 15-kunlari yaxshi saqlangan bo‘lsa, bundan buyog‘iga ozuqa yetarli bo‘lib, o‘tloqda boqilsa umuman nobud bo‘lmaydi.

Parranda go‘ngi. G‘oz go‘ngini (to‘shama bilan go‘ng) tomorqada o‘g‘it sifatida ishlatish kerak bo‘lsa, unda g‘ozlarni boqish jarayonida vaqti–vaqti bilan oddiy yoki ikki superfosfatni to‘shama ustiga sepib turish kerak bo‘ladi. O‘g‘it haftada bir marta sepiladi: g‘ozxona polining 1 m2 yeriga oddiy superfosfat – 400 gr., ikki superfosfat – 200 gr. O‘g‘itni mineral moddalarga boyitishdan tashqari, superfosfat namlanib qolgan to‘shamani quritadi va ammiak gazining katta miqdorda ajralib chiqishining oldini oladi.

Yosh g‘ozlarni oziqlantirish

Yosh g‘ozlar omuxta yem va yangi uzilgan ko‘k o‘tlar, omuxta yemning nam qorishmasi, obrat, qaynatib pishirilgan kartoshka va ko‘katlar bilan boqiladi. Birinchi uch kun davomida maydalangan makkajo‘xori doni, qobig‘idan ajratilgan va maydalangan arpa uni yoki boshqa don, bug‘doy kepagi hamda maydalangan ko‘k o‘tlar beriladi. Uchinchi kunidan boshlab g‘oz jo‘jalari omuxta yem va ko‘k o‘tlar bilan boqiladi.

Yosh g‘ozlar uchun omuxta yemni donlar, o‘simliklarga va hayvonlarga oid oqsilga boy ozuqalar, beda uni, quruq xamirturush (drojji) va mineral qo‘shimchalardan tayyorlanadi. Ular uchun maydalangan no‘xat yaxshi oqsil ozuqasi hisoblanadi.

Yosh g‘ozlarga no‘xat, beda va boshqa ko‘k o‘tlar sersuv vaqtida, ertalab va kechqurun yangi o‘rib beriladi. G‘ozlar suvi qochgan, yo‘g‘on bandli va yerga yotib qolgan o‘tlarni yaxshi isteʼmol qilmasliklarini yoddan chiqarmaslik kerak. Yangi o‘rilgan o‘tlar darrov g‘ozlarga beriladi, bir qismi maydalab (2 – 3 sm), omuxta yemga aralashtirib beriladi. Yangi o‘rilgan, maydalanmagan o‘tlar kechasi yeyish uchun kechqurun yemdonlarga solib qo‘yiladi. Alohida yemdonlarda mineral qo‘shimchalar va mayda toshlar doimo bo‘lishi kerak.

Yosh g‘ozlarni omuxta yem va ko‘k o‘tlar bilan bir kunda bir boshga o‘rtacha sarfi meʼyoriga rioya qilgan holda oziqlantirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bir kunda bir boshga omuxta yem va ko‘k o‘tlar taxminiy sarfi

G‘ozning yoshi (kun)

Omuxta yem (gr.)

Ko‘k o‘t (gr.)

1 – 10

20

50

11 – 20

55

100

21 – 30

120

200

31 – 40

140

300

41 – 50

160

400

51 – 60

180

500

61 – 70

200

600

71 – 75

220

700

75 kunlik natija

9,8 kg

25 kg

Katta yoshdagi g‘ozlarni oziqlantirish

G‘ozlarni boqishda shaxsiy tomorqada va kichik fermalarda arzon mahalliy ozuqalardan – ko‘k massa, sabzi, kartoshka, qovoq, karam bargi, sholg‘om, lavlagi, ildizmevalilar bargi, beda va o‘t uni, omuxta siloslardan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ratsion tarkibi ularning mahsuldorligiga, yil mavsumiga va xo‘jalikdagi mavjud ozuqaga bog‘liq. Parrandani boqishda nasl oldi mavsumi va nasl mavsumida oziqlantirishga alohida eʼtibor beriladi. Tuxum qo‘yish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rila vaqtda g‘ozlar nasl mavsumidagi ratsion bo‘yicha boqiladi. Qishda ko‘proq ozuqalardan sulu maʼqul keladi. Makkajo‘xori va arpa donlari bilan boqilganda naslli parranda tez semirib, badanini yog‘ bosib ketadi. Tanasini yog‘ bosib ketgan g‘ozlarda go‘sht chiqindilari hajmi ko‘payadi. Bunday g‘ozlar urug‘lanmagan tuxum beradi. Lekin tanasini yog‘ bosib ketishining oldini olaman deb, g‘ozlarning ozib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Faqat yaxshi semizlikdagi parrandaning mahsuldorligi yuqori bo‘ladi. Shuning uchun mahsuldorlik mavsumiga tayyorgarlik ko‘rilayotganda donli ozuqalarga ko‘proq beda yoki turli o‘tlar pichani, bug‘da yumshatilgan beda, silos va ildizmevalilar (kartoshka, lavlagi, sabzi) qo‘shiladi. Kartoshkani xomligicha maydalab berish mumkin. Ratsion tarkibida dukkaklilar (no‘xat, yasmiq), kunjara, shrot hamda kelib chiqishi hayvonlarga oid ozuqalar hajmini ko‘paytirish mumkin. Nasl mavsumi fevral – mart oylari boshlanadi. G‘ozlarga bir kunda 3 – 4 mahal ozuqa beriladi, shulardan ikki mahal nam qorishma, kechasiga don beriladi. G‘ozlar organizmida mahsuldorlik davrida mineral modda almashinuvi kuchayadi, shuning uchun kerakli miqdorda kalsiy, fosfor va natriy moddalarini qabul qilish kerak bo‘ladi. Ratsionga maydalangan chig‘anoq, ozuqabop ohak va bor 2,6 – 3 %, ftorsizlantirilgan fosfat – 0,8 – 3 %, osh tuzi 0,5 % gacha qo‘shiladi.

Tirik vazni 5 – 5,5 kg bo‘lgan g‘ozlarga taxminiy ratsion (1 boshga 1 kunda gr.da):

Ozuqa nomi

Bir oyda tuxum berish

3

6

9

12

15

Suli, don chiqindilari

60

70

80

90

100

Suli uni

24

26

32

36

40

Bug‘doy uni

20

21

36

40

45

Bug‘doy kepagi

50

50

50

50

50

Go‘sht-suyak uni yoki kelib chiqishi hayvonlar oid ozuqa

4

6

9

12

No‘xat kunjarasi va uni

5

6

9

12

15

Lavlagi, qovoq, sabzi

200

200

200

200

200

Qaynatib pishirilgan kartoshka

200

200

200

200

200

Xo‘jalikda ozuqa komponentlari mavjud bo‘lsa, omuxta yemni o‘zingiz tayyorlashingiz mumkin. Quyidagi jadvalda katta yoshdagi g‘ozlar uchun omuxta yem tarkibi berilgan. Maxsus omuxta yem tayyorlash zavodlari, sexlarida tayyorlangan omuxta yemdan g‘ozlarga mahsuldorlik davri uchun PK – 1 (tovuqlar uchun) ni tavsiya etish mumkin. Ularning tarkibida 16 – 17% oqsil, 1,05 – 1,09 MDj energiya almashinuvi mavjud.

Katta yoshdagi g‘ozlar uchun omuxta yemning taxminiy tarkibi (1 boshga 1 kunda gr.da):

Kompanentlar

Miqdori

Donli ozuqa (makkajo‘xori, bug‘doy, arpa, suli)

60

Bug‘doy kepagi

10

Kungaboqar shroti

3,6

Baliq uni

3,5

Go‘sht – suyak uni

2

Ozuqabop xamirturish

1

Beda uni

20

Chig‘anoq, bo‘r

3,3

Osh tuzi

0,5

100 gr omuxta yem tarkibi ( gr.):

 

Xom oqsil

14,3

Kletchatka

6,3

Kalsiy

1,75

Fosfor

0,72

Natriy

0,39

Bahor boshlanishidan g‘ozlarga ko‘k massa berish boshlanadi. U tuxum mahsuldorligini va urug‘lanishni ko‘taradi. Maydalanmagan ko‘k massa yasel tipidagi yemdonlarga solinib g‘ozlarning bir boshiga 1 kg ko‘k massa hisobida beriladi. Omuxta yemga aralashtirib beriladi. Ko‘k massa yosh va o‘zagi qotmagan bo‘lishi kerak. Yosh o‘simliklarning quruq modda hisobidagi yengil xazm bo‘luvchi oqsillar to‘yimliligi va tarkibi bo‘yicha omuxta yemga yaqin, lekin biologik xususiyatlari qimmatli hisoblanadi: unda omuxta yemga nisbatan aminokislotalar, vitaminlar va mineral moddalar ko‘p miqdorda bo‘ladi. Ayniqsa ko‘k massa karotin manbai hisobida qadrlidir. Ko‘k massa tarkibida estrogen moddalar bo‘lib, erkak va urg‘ochi g‘ozlar urchitish va urchish sifatlarini oshiradi.

Erta bahorda g‘ozlarni o‘stirilgan donlar bilan boqish yaxshi foyda beradi. Buning uchun taxta, fanerlardan devorlari 3 – 4 sm balandlikdagi quti yasaladi. Qutini ichiga 2 – 3 sm qalinlikda don to‘ldiriladi. Ustidan suv quyilib qutilar issiq va qorong‘i joyga ustma-ust qo‘yiladi. Don o‘sishni boshlaganda, ular yorug‘likka olib chiqiladi. Ko‘kat tez o‘sishini boshlaydi va balandligi 7 – 10 sm bo‘lganda, ehtiyotkorlik bilan uning usti qaychi bilan kesib olinadi. Tagiga yana suv sepiladi, bir qo‘yilgan dondan uch martagacha hosil olish mumkin.

Mahsuldorlik mavsumida g‘ozlarni o‘tloqda va suv havzalarida boqish mumkin. O‘tloqda chegaralangan va erkin boqishni tashkillashtirish mumkin. O‘tloqda boqilayotgan g‘ozlar mahsuldorlik mavsumida taxminan 1 kg. gacha ko‘k massa va qo‘shimcha har kuni 200 – 250 gr. omuxta yem isteʼmol qilishi kerak.

Mahsuldorlik mavsumi tugagandan keyin g‘ozlarga beriladigan yuqori kaloriyali ozuqalar kaloriyasi pastroq va tarkibi oddiyroq ozuqalarga almashtiriladi. Tuxum berish mavsumi tugagandan keyin (iyul – sentyabr) g‘ozlarni yaxshi o‘tloqlarda boqib, omuxta yem hajmini 80 – 100 gr. va donlarni 40 – 50 gr.gacha kamaytirish mumkin.

G‘ozlarning mahsuldorlik va mahsuldorsiz mavsumlarida omuxta yem bilan ko‘k ozuqalar nisbati quyidagi jadvalda ko‘rsatib berilgan.

Omuxta yem va shirali (ko‘k) ozuqalarning g‘ozlar mahsuldorligiga bog‘liqligi:

Mavsum

Omuxta yem, gr.

Shirali (ko‘k), gr.

Mahsuldorsiz

140

500

Tayyorlanish

180

500

Mahsuldorlik

230

600

Mahsuldorsiz mavsumda g‘ozlarni donli ozuqalarsiz ham boqish mumkin. Shirali uglevodlik ozuqalardan maksimal darajada foylalaniladi. Bunda bir bosh g‘ozning bir kunlik ratsionini 650 – 950 gr. ozuqa tashkil etadi.

Komponentlar nomi

Miqdori , gr.

Kartoshka yoki lavlagi

400 – 500

Sabzi

100

Beda uni

100

Myakina

50

Baliq, go‘sht – suyak uni

40 – 50

Mineral qo‘shimchalar

8 – 12

Hazmi yengil bo‘lishi uchun ildizmevalilar xom tarzda, kartoshka pishirilgan holatda beriladi. G‘ozlar yumshoq ozuqani yaxshi isteʼmol qilishini hisobga olib, beda va o‘tlar uni, pichanlarni dimlab (bug‘latib) berish tavsiya etiladi. Mineral ozuqalarni alohida yoki ozuqaga aralashtirib berish ham mumkin. Mahsuldorsizlik davrida ratsionga chig‘anoq, bo‘r, suyak uni, osh tsuzi (yodlangan) qo‘shiladi. Qishda shirali ozuqaning bir qismi bir kunda bir boshga 200 gr. pichan bilan almashtiriladi. Shirali ozuqalar o‘rnini omuxta silos bilan qoplash mumkin.

G‘ozlar uchun silos tayyorlash retsepti:

Komponentlar

Miqdori, %

1

variant

2

variant

3

variant

4

variant

5

variant

Makkajo‘xori so‘tasi qobig‘i bilan

50

30

35

25

40

Sabzi

40

50

25

25

10

Qand lavlagi

10

20

15

25

Ozuqabop lavlagi

25

25

30

Qovoq, kobachka

20

To‘ldirilgan transheya somon bilan 15 – 20 sm qalinlikda yopiladi, shibbalanadi va 5 – 6 kunga qoldiriladi, keyin yana shibbalanadi va plenka tortiladi, ustidan yer bilan yopiladi. Silos 50–60 kundan keyin ishlatishga tayyor bo‘ladi. G‘ozlarga maydalangan holda bir kunda 500 gr.dan silos va 100 – 150 gr. ozuqa konsentrati beriladi. Mahsuldorlik davrida silos hajmi 150 – 200 gr.gacha tushiriladi. Silosni berishdan oldin 5% bor va ozuqabop ohak qo‘shish tavsiya etiladi. Yaxshi silosning rangi yashil, yashil-jigar rang, yoqimli hidi bo‘ladi. Silosning nisbiy namligi 60 – 70% ni, kletchatka miqdori 5 dan kam, oqsil – 3 – 4%, sut kislotasi 1 – 1,5%, rN – 4 – 4,5 bo‘ladi.

Parranda uchun ozuqa bilan bir qatorda suv ham katta ahamiyatga ega. G‘ozlar isteʼmol qilgan 1 gr. ozuqaga kun davomida 3,7 gr. suv isteʼmol qiladi.

G‘ozlarda uchraydigan kasalliklar

Salmonellyoz (paratif)

O‘tkir kechuvchi yuqumli kasallik. Qo‘zg‘atuvchisi salmonellyoz (paratif) bakteriyasi. Ko‘proq 5 kunligidan 40 oylikkacha bo‘lgan g‘ozlar kasallanadi. Kasallanib tuzalgan parranda 2,5 yilgacha kasal qo‘zg‘atuvchisini o‘zida olib yuradi, tuxum orqali tarqaladi va undan kasallangan g‘oz jo‘jasi chiqadi. Kasal parranda go‘ngi orqali kasal qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan bakteriyalarni tashqi muhitga chiqaradi. Bu bakteriyalar tashqi muhitga juda chidamli bo‘lib, 1 yilu 8 oydan keyin ham kasal qo‘zg‘atish xususiyatini yo‘qotmaydi. Muzlatilgan go‘shtida 3 yilgacha saqlangan holatlar kuzatilgan. Kasallikning o‘tkir kechimida (formasida) quvvatsizlik, holdan toyish, chanqoqlik, uyqu bosish holatlari kuzatiladi, ishtahasi bo‘lmaydi va nafas olishi tezlashadi. Titrab – qaqshaydi, shol bo‘lish simptomlari bo‘lishi mumkin. Ko‘zidan yosh oqishi, keyinchalik yiringli konyuktivitga o‘tishi kuzatiladi. Tirik qolgan g‘ozlar ozib ketadi va yaxshi o‘smaydi.

Salmonellyoz boshlanganda inkubatsion tuxumlarni xo‘jalikdan tashqariga chiqarish taqiqlanadi, xo‘jalik ichida ham tuxumlar xarakati

to‘xtatiladi. Binolar va xo‘jalik hududi 3% li kaustik sodasi yoki 2% li formalin, 20% li yangi so‘ngdirilgan ohak bilan dezinfeksiya qilinadi. Yemdon, suvdon va boshqa inventarlar qaynoq suvda (+80oS) yaxshilab yuviladi va 5% li xlorli ohakda yoki 20% li ohakda, yoki 1% li formalinda dezinfeksiya qilinadi. Klinik kasal va kasalga gumon qilinganlar asosiy galadan ajratiladi va yo‘q qilinadi.

Pasterellez (xolera)

O‘ta yuqumli, septitsemiya holati va parrandalar orasida yuqori o‘lim bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Kasal qo‘zg‘atuvchisi – pasterella bakteriyasi – tashqi muxitga juda yaxshi moslashgan. Tovuq go‘ngida 72 kungacha, donda 44 kungacha, patlarida va tuxum qobig‘ida 26 kungacha, parranda murdasida 4 oygacha yashaydi. Pasterellez kasalligi bilan barcha uy va yovvoyi parrandalar, ayniqsa g‘ozlar tez kasallanadi. Dezinfeksiyalovchi moddalarga chidamsiz, oddiy konsentratsiyalarda 5 daqiqa davomida nobud bo‘ladi. Kasallangan va kasallikni o‘tkazgan parrandadan yuqishi va ifloslangan suv, ozuqa, inventar, atrofdagi havo orqali o‘tishi mumkin. Klinik belgilari: bo‘shashgan, burun teshiklari va tumshug‘idan ko‘pikli shilliq suyuqlik osilib tushadi. Tana harorati 43,5oS gacha ko‘tariladi. Go‘ngi suyuq, kul rang, sariq yoki yashil rangda bir xilda qon aralash bo‘ladi. Ishtaxasi bo‘lmaydi, kuchli chanqoqlik, umumiy quvvatsizlik paydo bo‘ladi va natijada parranda nobud bo‘ladi. Xo‘jalikda pasteroyellez kasalligi aniqlanganda fermaga karantin o‘rnatiladi. Kasallikka gumon qilingan parrandaxonadagi barcha g‘ozlar zudlik bilan yo‘q qilinadi. Parrandaxona, sayr maydonlari, parrandaxona atrofidagi hududlar yaxshilab tozalanadi va dezinfeksiya qilinadi. Pasterellezga qarshi eng yaxshi vosita bu antibiotiklar va sulfanilamidlardir.

Aspergillez

Aspergillez – g‘ozlarda respirator organlari zararlanishi bilan xarakterlanadigan kasallik. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi – mikroskopik kattalikdagi aspirgillyus zamburug‘i. Yosh parrandalar orasida o‘lim ko‘p kuzatiladi. Katta yoshdagi parrandalar bu kasallikka chidamli bo‘ladi. Havo orqali – aerogen usuli bilan parranda kasallanadi, ichki organlarga (yurak, jigar) aspergillalar qon orqali o‘tadi. Aspergillez bilan zararlangan inkubatsion tuxumlardan inkubator orqali ham tarqalishi mumkin. Kasallik asosan bahorda qo‘zg‘aydi. Kasal parranda madorsizlangan, mudroq, kam harakatchan bo‘ladi. O‘tkir o‘tuvchi formasida nafas olish organlari zararlanadi. Kasal parranda boshini oldinga va yuqoriga ko‘tarib, bo‘ynini cho‘zib, tumshug‘ini ochib, havo yutishga xarakat qiladi va tez-tez chuchkiradi. Burun teshiklari va tumshug‘idan ko‘pikli shilliq suyuqlik oqib chiqadi. Oshqozon-ichak trakti buzilishi natijasida keskin ozib ketish kuzatiladi. O‘lishdan oldin titroq tutadi. Yosh g‘ozlar orasida 50 – 100% o‘lim kuzatiladi.

Kuydirish lampasi bilan parrandaxona devorlari, ichidagi barcha inventar va uskunalarni kuydirish zamburug‘ni yo‘qotish bo‘yicha eng samarali usul hisoblanadi. Yana samarali usullardan biri formaldegid bug‘lari yordamida ishlov berishdir. Vitamin “A” konsentrati yosh g‘ozlarning aspergillez kasalligiga chidamligini oshiradi.

Kolibakterioz

Yosh g‘ozlarning yuqumli kasalligi. Katta yoshdagi parranda kam kasallanadi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi – ichak tayoqchasi bakteriyasi. Tashqi muhitda: yerda va suvda 4 oygacha o‘z patogen hususiyatlarini yo‘qotmaydi. Lekin kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriya 2% li xlor oxagi, 3% li kaustik sodasi issiq (+80oS) qorishmasi, 2% li farmaldegidga chidamsizdir.

Kolibakterioz bilan kasallangan yosh g‘ozlarda madorsizlik, chanqoq va mudroq belgilari bo‘ladi, yana konyuktivit, asabiylashish, ich ketishi, (ayrim hollarda qon aralash) yuz beradi. Kasal parranda darhol yo‘q qilinadi. Klinik sog‘lom parranda antibiotiklar bilan davolanadi. Kolibakteriozga qarshi neomitsin – bir kunda 1 kg tirik vazn uchun 50 gr.dan 6 – 10 kun davomida, biomitsin va teratsinlin – 20 gr., levomitsitin – 30 mg.dan berish yaxshi natija beradi.

Virusli enterit

G‘oz jo‘jalarida o‘tkir shaklda o‘tuvchi virus kasalligi, kasallik qo‘zg‘atuvchisi ichak, yurak, jigar organlarida joylashadi. Asosiy belgilari: madorsizlik, qaltiroq bosadi, bir yerga to‘planishib olishadi, issiqlikka intilishadi, ko‘zlari yarim ochiq holda, boshini tushirib yoki yoniga qilib turadi, tez – tez esnaydi, shovqinga ahamiyat bermaydi, ishtahasi yo‘qoladi. Konyuktivit, burnidan suyuqlik oqishi mumkin. Keyinchalik qon aralash ichi ketadi. Ko‘pincha 6 – 12 kunlik jo‘jalar kasallanadi.

G‘ozlardagi yuqumsiz kasalliklar

Raxit

Asosan g‘oz jo‘jalari kasallanadi. Kasallik fosfor va kalsiy moddalari almashinuvi buzilishidan kelib chiqadi. Ozuqa tarkibida ushbu moddalarning yetishmasligi va yana parazitar kasalliklar natijasida “D3” vitamini yetishmasligi oqibatida ham raxit kasalligi kelib chiqishi mumkin.

Asosiy xarakterli o‘zgarishlaridan biri bu suyak tizimining o‘zgarishidir. Boshlanishida suyaklarda kuchsizlik seziladi va

cho‘loqlanish kuzatiladi. Keyinchalik suyaklar bukiladi (qiyshayadi). Ko‘krak suyagi, qovurg‘a va tumshug‘i yumshaydi va shaklini o‘zgartiradi. Parranda holsizlanadi va o‘sishda orqada qoladi.

Profilaktika maqsadida to‘yimli “D3” vitamini va kalsiy hamda fosfor munosabati 1,5 – 2 : 1 ga tenglashtirilgan ozuqa berish foydalikdir. Yoz mavsumida o‘tloqlarga har kuni olib chiqish maqsadga muvofiq. Qish mavsumida ratsionga beda pichani, ozuqaga “D3” vitamini, trivitamin, baliq yog‘i va mineral qo‘shimchalari (go‘sht – suyak uni, suyak uni, bor, chig‘anoq, ozuqabop oxak, mono-, di- va trikalsiy fosfat) beriladi. Qishda parrandaning quyosh nurida 3 – 4 soat bo‘lishi D-gipovitaminozning oldini oladi.

A-gipovitaminoz

Ko‘pincha g‘oz jo‘jalarida uchraydi. “A” vitamini yoki karotin moddasining ozuqa tarkibida yetishmasligi oqibatida kelib chiqadigan kasallik. Kasallik asosan qish va bahor mavsumlarida ratsion tarkibida ko‘k o‘tlar yetishmasligidan boshlanadi. Katta yoshdagi g‘ozlar tuxum berish mavsumi boshlanganda kasallanishlari mumkin.

Kasallik boshlanishida klinik belgilari kasallikka xos bo‘lmaydi. Ishtaha kamayishi, quvvatsizlik, ko‘p uxlash, ich ketishi va patlar to‘kilishi yuz beradi. Keyinchalik kasallikka xos bo‘lgan belgilari paydo bo‘la boshlaydi: ko‘zdan yosh oqadi, ko‘zning nurga sezgirligi oshadi, bosh qismi va ko‘zida suvli shish paydo bo‘ladi.

A-gipovitamnoz kasalligining oldini olishda g‘ozlarga, bu yangi uzilgan ko‘k o‘tlar berish, kuzda, qishda sabzi, qovoq, pichan va boshqalar berish eng samarali usuldir. Undan tashqari yana baliq yog‘i, trivitaminlar berish ham yaxshi natija beradi.

Kasallik paydo bo‘lganda A vitamini maksimal dozada beriladi. Davolovchi doza jo‘jalarga 1 kg tirik vazn uchun 900 – 1500 YED, katta g‘ozlar uchun 1 kg tirik vazn uchun 1800 – 3000 YED A vitamin konsentrati beriladi.

Stomatit

Jag‘lar orasida tilida divertikulning paydo bo‘lishi va shilliq pardasining yalig‘lanishi kasallikning xarakterli belgisi hisoblanadi. Ko‘pincha qari g‘ozlar kasallanadi. Kasallangan g‘oz yaroqsizga chiqariladi.