KIRISH
O‘rdaklar oyoqlari pardali bo‘lgan suvda suzuvchilar turkumiga mansub bo‘lib, o‘rdaksimonlar (Anatidae) oilasiga kiradi. G‘oz va oqqushlar ham shu oilaga mansub hisoblanadi. O‘rdaklar kichik gavdasi, kalta oyoqlari va bo‘yni, yalpoq tanasi va erkagi bilan urg‘ochisining ranglari har xilligi bilan ajralib turadi. G‘ozlar, oqqushlar hamda flamingolar kabi o‘rdaklarda ham suv va suyuq balchiqdan ozuqa parchalarini simirib olish uchun tumshug‘ining ikki chetida ichki tomonidan ko‘ndalang tishsimon taroqlari – plastinkalar bo‘ladi. Dunyo bo‘yicha chuchuk suvda va dengizlarda juda ko‘plab o‘rdak turlarini uchratish mumkin.
Yovvoyi o‘rdaklar dunyoning hamma yerlarida tarqalganligi sababli turli joylarda sharoitga moslab xonakilashtirilgan. Lekin yovvoyi o‘rdaklarni ommaviy tarzda xonakilashtirish jarayoni Xitoyda oxiriga yetkazilgan. Har xil joylarda yovvoyi o‘rdaklarni keng miqyosda xonakilashtirish jarayoni o‘rdak zotlari va turlarining xilma-xilligiga olib keldi, bu ham dekorativ o‘rdaklar, ham chopag‘on o‘rdaklar va boshqalardir. Go‘shtga yetishtirilayotgan o‘rdaklar (Pekin o‘rdaklari) bosh qismi uzunchoq, keng va ozgina ko‘tarilgan peshonasi bilan ajralib turadi. O‘rdaklarning suvda suzish xususiyatlari mavjud. Quruqlikda yuruvchi parrandalardan farqli o‘laroq tumshug‘i uch qirrali emas, yapaloq va uzun bo‘lib, uchi ozgina qayrilgan bo‘ladi. Tumshug‘ining chetlarida suvni simirib, filtrlab o‘tkazib va yemishlarni ushlab qoluvchi mayda shoxsimon tish moslamalari mavjud. O‘zining uzun tumshug‘i bilan loyqa suvni doim chapillatib tarkibini aniqlaydi.
G‘ozlardagidek o‘rdaklarda ham tumshug‘ining uchida ko‘ndalang teri plastinkasi bo‘lib, katta miqdorda nerv tolalari joylashganligi sababli tumshuq uchi sezish organi hisoblanadi. Pekin zotli o‘rdaklar tumshug‘ining rangi och qizil-sarg‘ish, xaki-kembell zotiniki to‘q kulrang bo‘ladi. Tuxum qo‘yish mavsumida tumshug‘ining rangi och tusga kiradi. O‘rdaklarning tillari tovuqlarnikiga nisbatan uzun, keng va yo‘g‘on bo‘ladi. Tilining yon yuzida ikki qator, atrofida so‘rg‘ich va shilimshiq ishlab chiquvchi mayda teshikchalar bilan o‘ralgan bo‘rdiqlar mavjud. Bularning barchasi suvni sizib o‘tkazish va suv tarkibidagi kerakli yemishlarni ushlab qolishda ishtirok etishadi.
Ularning bo‘yni o‘rtacha uzunlikda, go‘sht yo‘nalishidagi o‘rdak zotlarida yo‘g‘on, umumiy yo‘nalishdagi (zerkalniy, xaki-kembell) zotlarida o‘rtacha bo‘ladi. Tanasi keng, chuqur, mushaklari yaxshi rivojlangan, kuragi keng va to‘g‘ri. Hind chopag‘onlarining tanasi deyarli vertikal (tikka) holatda bo‘ladi. O‘rdaklar yurishi o‘ziga xos beso‘naqay bo‘lgani uchun boshqa parrandalar yurishi bilan adashtirib bo‘lmaydi. Kalta oyoqlari tanasining orqa qismida joylashgan, panjalari orasida pardalari mavjud, tanasi gorizontal xolatda bo‘lgani uchun yurish jarayonida beso‘naqay harakatlanadi, tez yurgan vaqtlarida muvozanatini yo‘qotadi va ko‘kragi bilan yerga tez – tez yiqilib boradi. Ammo bu xususiyatlari suvda tez suzish, manyovr qilish va sho‘ng‘ish uchun qulayliklar tug‘diradi.
Tavsiyalarni tayyorlashda internet maʼlumotlaridan foydalanildi.
Broshyurada broyler krosslari, ularni parvarish qilish, zarur bo‘lgan uskunalar, suv ichish va oziqlantirish frontlari, xona harorati, nisbiy namligi, yoritilishi, ventilyatsiya, bug‘lantirish orqali sovutish tizimi, joylashtirish zichligi, tirik vazn nazorati, bruderli texnologiya, parrandani yoshiga qarab ozuqa tarkibi o‘zgarishi va ozuqa sarfi meʼyori, birlamchi qayta ishlash, maxalliy sharoitda ko‘p uchraydigan yuqumli kasalliklar va ularga qarshi o‘tkaziladigan veterinariya chora – tadbirlari to‘g‘risida maʼlumotlar berilgan.
Ushbu tavsiyalar paranda boqishni maqsad qilgan keng ommaga mo‘ljallangan.