Uyushma aʼzoligiga kirish va chiqish hamda kirish va aʼzolik badallari to‘g‘risida​

1. Uyushmaga aʼzo bo‘lish uchun talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati:

  • Korxonaning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi, korxonaning ustav va taʼsis hujjatlari;

  • Hududiy Statistika bo‘limi tomonidan xo‘jalikda mavjud parrandalar bosh soni bo‘yicha berilgan maʼlumotnoma;

  • Hududiy Standartlashtirish va metereologiya bo‘limi tomonidan taqdim etilgan muvofiqlik sertifikati;

  • Hududiy DSENI (СЭС) tomonidan korxona bo‘yicha berilgan xulosa;

  • Hududiy veterinariya bo‘limi tomonidan mavjud parrandalarning sog‘lomligi to‘g‘risida berilgan maʼlumotnoma;

  • Korxona rahbarining lavozimga tasdiqlanganligi bo‘yicha buyrug‘i, rahbarning pasport nusxasi;

  • Parranda boqilayotgan hudud, bino va inshootlarning kadastr hujjatlari;

Uyushmaga aʼzo bo‘lish uchun so‘rovnomani batafsil to‘ldiring va jo‘nating

2. Uyushmaga aʼzo bo‘lib kirayotgan parrandachilik korxonalari tasdiqlangan tartib bilan belgilangan o‘lchov birliklariga muvofiq ravishda, shartnoma imzolangan kundan boshlab, 10 (o‘n) bank ish kuni ichida belgilangan miqdorlarda bir martalik uyushma aʼzoligiga kirish badalini to‘laydilar. Uyushmaga aʼzo bo‘lish uchun shartnoma tuzgan yuridik shaxs kirish badalini to‘liq to‘lagan taqdirda Uyushma aʼzoligiga qabul qilingan hisoblanadi.

3. Aʼzolik badali miqdori uyushmaga aʼzo parrandachilik korxonalariga (turdosh korxonalardan tashqari) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 noyabrdagi PQ-4015-sonli qarori talablaridan kelib chiqib, dastlabki oy uchun Statistika organi maʼlumotlari asosida, keyingi oylardan boshlab, Davlat veterinariya qo‘mitasi tomonidan har oyda uyushmaga taqdim etiladigan maʼlumotnomaga asosan parrandachilik korxonasidagi mavjud parrandalar bosh sonidan kelib chiqqan holda, tasdiqlangan Tartib bilan belgilangan o‘lchov birliklariga muvofiq ravishda har oyda uyushma aʼzolarining aʼzolik badallarini to‘lab boradilar.

4. Uyushma faoliyatining uzluksiz moliyaviy taʼminoti uchun belgilangan aʼzolik badali har oyning 25 sanasiga qadar to‘lanib boriladi. Uyushma aʼzosi uyushmaga aʼzolik badalini muddatidan oldin to‘lashga haqli.

5.Parranda bosh soni va eng kam oylik ish haqi miqdori o‘zgargan taqdirda aʼzolik badali miqdori ham mos ravishda o‘zgartiriladi.

6. Uyushma aʼzosi hisoblangan yuridik shaxslar quyidagi hollarda:

  • o‘z xohishiga asosan Uyushma tarkibidan chiqish to‘g‘risida Uyushma Kengashi raisi nomiga ariza berganda;

  • Hukumat tomonidan Uyushma oldiga qo‘yilgan vazifa va topshiriqlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganda;

  • o‘zining harakatlari bilan Uyushmaning faoliyatiga to‘sqinlik qilganda;

  • aʼzolik badallarini 3 (uch) oydan ortiq muddat davomida to‘lamaganda;

  • qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatilganda, Uyushma Kengashi qarori asosida Uyushma aʼzoligidan chiqariladi.

7. Uyushma aʼzoligidan chiqish yoki chiqarish paytida ilgari to‘langan aʼzolik badallari, ajratmalar va boshqa to‘lovlar qaytarilmaydi.