Aloqa uchun raqam

+998 (71) 271-64-26

Aloqa uchun raqam

+998 (71) 202-12-00

O‘zbekiston parranda sanoatiga katta subsidiyalar ajratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik va xizmatlarni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash, shuningdek chorva, parranda va baliq mahsulotlarini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar ijrosiga oid videoselektor yig‘ilishida parrandachilik loyihalarini amalga oshirishga 100 million dollar ajratilishini maʼlum qildi.

«Parranda sanoatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etiladi. 1 iyuldan berilishi kerak bo‘lgan subsidiya miqdori tuxum uchun 3 baravar (har bir sotilgan tuxumga 150 so‘m), parranda go‘shti uchun esa 2 baravar (har bir kilogrammiga 1,5 ming so‘m) oshirilib, to‘lovlar 1 iyundan boshlanadi, hisob-kitob qilinadi.

Omuxta yem va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga aylanma mablag‘ni to‘ldirish va parrandachilik loyihalari uchun kreditlarning Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori qismi qoplab beriladi», degan davlat rahbari.

Parrandalarni so‘yishga mo‘ljallangan zamonaviy kompleks loyihalari bo‘yicha xarajatlarning bir qismi kompensatsiya qilinadi.

«Parrandachilik korxonalari uchun foyda, mol-mulk, yer va suv soliqlari stavkalari 50 foizga kamaytiriladi. Bunday imkoniyat hali biror sohaga ajratmaganmiz. Bu choralar nima uchun – tovuq go‘shti va tuxum hajmini keskin oshirib olishimiz kerak.

Parrandachilik loyihalarini amalga oshirishga Mikrokreditbank masʼul bo‘ladi va unga davlat tomonidan 50 million dollar resurs ajratiladi. Ishlar natijasiga qarab, yana 50 million dollar beriladi. Jami 100 mln dollar ajratiladi», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda muxbiri.

Shuningdek, prezident Surxondaryoda boshlangan tajriba asosida aholi xonadonlarida parranda (tovuq, kurka, o‘rdak, g‘oz) yetishtirishga tuman sektor rahbarlari shaxsan masʼul bo‘lishini taʼkidlagan.

Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini qayta tashkil etiladi va qo‘mita jamg‘armasidan institutga naslli parrandani olib kelish, zarur jihozlar va uskunalar bilan taʼminlash uchun 10 milliard so‘m ajratiladi.