Aloqa uchun raqam

+998 (71) 271-64-26

Aloqa uchun raqam

+998 (71) 202-12-00

Parrandachilik sohasida inkubatoriya tizimini jadal rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar

 

 

Bugungi kunda parrandachilik jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Yangi-yangi parrandachilik xoʻjaliklari va korxonalarining tashkil topishi, aholi xonadonlarida 50-100 va undan ortiq sonda parrandalarning asralishi natijasida iste’mol bozorida parrandachilik mahsulotlarining narx-navosining barqaror saqlanib turishi buning dalilidir. Darhaqiqat parrandachilik etti xazinaning biridir. Parrandalar nafaqat goʻshti, tuxumi, balki pati uchun ham boqiladi. Bu soha hozirga kelib chorvachilikdagi asosiy yoʻnalishlardan biriga aylanib ulgurdi. Buning sababi – parranda boqish katta xarajat talab qilmaydi, saqlash inshootlari juda oddiy.

Avvalo bahor boshlanishi bilan inkubatoriya va parrandachilik xoʻjaliklaridan saralangan joʻjalar olinadi. Chunki parrandalar qish mavsumiga qadar tez rivojlanadi va tuxum bera boshlaydi.

Buning uchun veterinariya talablariga javob beradigan, barcha shart – sharoitlarga ega boʻlgan joʻjalarni saqlash joyi tayyorlanadi. Ayrim hollarda joy tayyorlanmasdan keltirilgan joʻjalar dastlabki kunlardanoq nobud boʻla boshlaydi.

Bunday holat sodir boʻlmasligi uchun keng va yorugʻ xonalar tanlanadi. Binodagi barcha moslama va inventarlar tashqariga chiqarilib, xonalar aerozol usulida dezinfeksiya qilinadi.

Mamlakatimizda inkubatsion broyler tuxumlari etishtiriladi va undan tashqari chet davlatdandan import qilib olib kelinadi. Transportirovka vaqtida inkubatsion tuxumlarni maxsus samolyot va yuk mashinalarida tashiladi. Bu jarayonda yukxona harorati 15-170C, namligi esa 40-70% boʻlishi shart. Samolyot qoʻnish jarayonidagi zarba, yuk mashinasidagi nosozliklar va yoʻllardagi nosozliklar kuzatilganda inkubatsion tuxumlarning joʻja chiqish foizi tushib ketadi. Sababi tuxum sarigʻini ushlab turuvchi 2 dona spiraldan bittasi yoki ikkalasi ham uzilishi mumkin. Bunday tuxumlardan joʻja ochib chiqmaydi.

Inkubatoriyaga kirish uchun maxsus yuvinish va kiyim almashtirish xonalaridan oʻtish lozim. Inkubatoriyaga tuxum olib keluvchi yuk mashinasi dezobar’erdan oʻtib, maxsus uskuna yordamida yuk mashnasi qoʻshimcha dezinfeksion suyuqlik bilan dezinfeksiyalanadi. Agarda parrandachilik sohasida ushbu koʻrsatmalarga amal qilib borilsa, albatta koʻzlangan yaxshi natijalarga erishiladi.

Tuxumdan joʻja ochib chiqish foizini tushishini oldini olish uchun parrandachilik fabrikasidagi ota-ona galasidan (bruder) tuxumlarni bir kunda 5 marotaba terib chiqiladi. Sababi inkubatsion tuxumlar 250C dan rivojlanish bosqichiga oʻtadi. Bruder sexidan olib chiqilgan tuxumlarni 170C li 40-70% namlikdagi sovutgichda vaqtincha saqlash kerak boʻladi. Agar tuxumlarning poʻstlogʻi kir, ifloslanganlari boʻlsa (toʻshama, axlat, tuxum ichidagi suyukligi), mexanik tozalash zarur boʻladi. Bunaqa tuxumlarni tozalashda suyuq dezinfektantlardan foydalanmaslik kerak. Sababi suyuq dezinfektantlar tuxum mikroteshiklarini yopib qoʻyadi. Natijada tuxumdan joʻja chiqish foizi tushib ketadi.

Inkubatoriya xonasida harorat 300C, namlik 40-70% boʻlishi kerak. Bruder sexlaridagi harorat 250C dan baland boʻlganda embrion rivojlanish davriga oʻtadi, shundan soʻng inkubator tuxumlar tuxum omborxonasiga olib borilganda, u erdagi havo harorati past boʻlganligi sababli embrionlar nobud boʻladi. Inkubatorga qoʻyilgan bunday tuxumlar ma’lum vaqtdan soʻng portlay boshlaydi (bombyojka).

Inkubatoriyaga trasnportda keltirilgan inkubatsion tuxumlarni ichidan yaroqsiz (brak) tuxumlar (poʻchogʻi yupqa, shakli noaniq, kichik, katta, siniq, yoriq, notekis, kichik yoriqchalar, ifloslangan tuxumlar) ajratiladi va inkubatsion tuxumlar tuxum saqlanadigan omborxonalardagi maxsus stellajlarga teriladi. Ovoskop orqali tuxumlarni koʻrib, mikroyoriqlari bor tuxumlar ajratiladi va brakka chiqariladi. Stellajlarda har bir soatda tuxumlar chapga va oʻngga agʻdarilib turiladi. Inkubatsion tuxumlarni vaqtincha saqlashda yaroqlilik muddatini uzaytirish uchun 130C da saqlash mumkin, namlik me’yoridan yuqori boʻlsa, ventilyatsiya tizimidan foydalaniladi, aksincha namlik past boʻlsa, inkubatsion xonaga suv sepiladi. Inkubatsion tuxumlarni inkubatorga qoʻyishdan avval quruq dezinfeksiya qilish kerak boʻladi. Bunda formalinga kaliy permanganat (margansovka KMnO4) qoʻshib tutatish usulida yoki maxsus uskuna bilan ammiak yordamida dezinfeksiya qilinadi. Soʻngra tuxumlar inkubatorlarga joylashtiriladi. Inkubatorlarga qoʻyilgan tuxumlar etarli haroratni olgach 6 soatdan soʻng tuxum rivojlanish bosqichiga oʻtadi. Inkubator va joʻjalarni ochib chiqarish shkafida (vivodnoy shkaf) umumiy 504 soat davomida saqlanishi lozim, agarda ushbu vaqtdan kam yoki koʻp vaqt davomida saqlansa, tuxumdan nimjon, yashash hayotchanligi past boʻlgan joʻjalar ochiladi.

Inkubatorda tuxumlar har bir soatda agʻdarilib turiladi, sababi embrion oʻrtada turib rivojlanishi kerak. Tuxum agʻdarilib turilmasa embrion tuxumning bir tarafiga yopishib rivojlanadi va koʻp qismi tuxumlardan ochib chiqmaydi. Inkubatorda harorat 37,50C, namlik 28,2-29,0% gacha norma hisoblanadi. Oʻrtacha va katta tuxumlarda namlik 28,2%, kichik boʻlsa 29,0% boʻladi. Namlikning oʻzgartirilish sababi kichik tuxumlar koʻproq namlik talab qiladi, katta tuxumlar esa kamroq namlik talab qiladi. Buning sababi esa kichik tuxumlardagi suyuklikning kamligi, katta tuxumlarda esa tuxum suyuqligining koʻpligi hisoblanadi.

Inkubatoriyadagi harorat me’yoridan past yoki baland boʻlsa, tuxumdagi joʻjalarda patologoanatomik oʻzgarishlar bilan ochib chiqishiga olib keladi. Harorat baland boʻlsa joʻjaning bosh chanogʻi qismida qon (gematoma) hosil boʻladi. Namlik baland boʻlsa nafas yoʻli tizimi kasallikka tez chalinuvchan boʻlib qoladi. Namlik past boʻlsa bunda ham nafas yoʻli tizimi kasallikka chalinuvchan boʻlib, oyoq toʻpiqchasida qizil dogʻ paydo boʻladi. Sababi tuxumga namlik etishmaganda tuxum poʻstlogʻi qotadi va joʻjalar tuxumdan chiqishga urinishganda oyogʻining toʻpiq qismi bilan ishqalanishi natijasida qon quyilish holati kuzatiladi.

Inkubatorda tuxumlar oʻzidan karbonat angidrid (CO2) gazi ishlab chiqaradi, shu sababli tuxumlar bu gazdan zaharlanmasligi uchun xonadagi ventelyatsiya doimiy ishlab turishi lozim.

Inkubatorda tuxumlar 18-19 kun davomida saqlanadi, soʻngra joʻja ochib chiqaruvchi shkafga (vivodnoy shkaf) 2-3 kunga oʻtkaziladi. Inkubatorda turgan tuxumlarni vaqti-vaqti bilan otalangan tuxumlarni foizini taxminan bilish uchun ovoskop yordamida ovoskopiya qilinadi. Joʻja ochib chiqaruvchi shkafdagi (vivodnoy shkaf) harorat 37,20C boʻladi, namlik birinchi kun 29%, ikkinchi va uchunchi kunlari 30% boʻlishni talab etadi. Tuxumdan chiqgan joʻjalarni terish uchun 4 soat oldin namlik berkitiladi. Inkubatorda va joʻjalarni chiqarish shkafida (vivodnoy shkaf) harorat +25 0C dan past boʻlsa tuxum ichidagi embrionlarni nobud boʻlishiga olib keladi.

Inkubatoriyalarda albatta birinchi navbatta generator boʻlishi kerak boʻladi. Tuxumdan chiqgan joʻjalarning har xil turdagi yuqumli kasalliklarga chalinishini oldini olish maqsadida, joʻja ochib chiqaruvchi shkafga (vivodnoy shkaf) 50%li formalinning suvdagi eritmasi 2 kun davomida 1 marotabadan qoʻyiladi. Inkubator va joʻja ochib chiqaruvchi shkafga (vivodnoy shkaf) namlik uchun foydalaniladigan suv distillangan boʻlsa maqsadga muvofiq boʻladi. Inkubatoriya xonasi va joʻja ochib chiqaruvchi shkaf (vivodnoy shkaf) xonasi alohida boʻlishi shart. Tuxumdan chiqgan joʻjalarni joiz boʻlsa vaksinatsiya qilinadi. Vaksinatsiya usullari sprey va ine’ksiya orqali amalga oshiriladi. Inkubatordan chiqgan joʻjalarni koʻrikdan oʻtkazish lozim, nogironlari boʻlsa ajratib tashlash zarur. Masalan: tumshugʻi qiyshiq, choʻloq, pati kam, qorin sohasi katta, koʻzi koʻr, oyoq toʻpiqchasi qizargan, kindigi qora yoki koʻkimtir va hakozo.

Inkubatoriyalardagi joʻjalarni vaqtincha saqlash xonasi 240C, namlik 40-70% boʻlishi lozim, ventelyasiya doim ishlab turishi kerak, qorongʻi xonada saqlash maqsadga muvofiq. Sababi joʻjalar tashqi ta’surotlardan holi boʻladi va ortiqcha energiya sarflashga hojat qolmaydi. Joʻjalar belgilangan me’yorda oziqlantirmasdan saqlansa 3 kungacha hayotchanligini saqlab qoladi, sababi qorin boʻshligʻidagi sariqlik (jeltok) ozuqa yoki suv sifatida faoliyat koʻrsatadi. Saqlanayotgan joʻjalarga ushbu vaqt davomida oziqa yoki suv berib qoʻyilsa, joʻjalarning organizmi oziqlanish tartibiga oʻrganib qoladi va organizm suvsash va och qolish jarayoniga oʻtib qoladi. Inkubator va joʻja ochib chiqaruvchi shkaflarni (vivodnoy shkaf) formalin, kaliy permanganat, uksus kislotasi bilan dezinfeksiya qilib turish lozim.

Inkubator va joʻjalarni ochib chiqarish shkafi (vivodnoy shkaf)KunHarorat (0C)Namlik (%)Inkubator1-1837,528,2 – 29,0Joʻjalarni ochib chiqarish shkafi (vivodnoy shkaf)19-2037,229,02137,230,0

Joʻjalar tuxumdan chiqish davrida oʻzidan juda koʻp par chiqaradi. Hozirgi zamonaviy joʻja ochib chiqaruvchi shkaflarga (vivodnoy shkaf) alohida par tergichi mavjud (puxosbor). Bu parlar joʻjalarni koʻziga, ogʻziga, burniga tushganda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, ya’ni joʻjalarning sifatini, yashovchanligini pasaytirishi mumkin. Bu jarayon ham boshqa omillar singari joʻjalarning sifat darajasiga salbiy ta’sir etib, asosiy omillar qatoriga kirgizib qoʻyishimiz mumkin. Hozirgi vaqtda ishlab chiqarilayotgan inkubatorlar samarali koʻrsatkichlarga ega boʻlib, shulardan elektrt energiyasi tejamkorligi bilan, tuxum sonining koʻproq joylashtirilishi bilan, oʻrnatilgan uskunalarini aniqlik darajasida ishlashi joʻjalarni sifat darajasi yuqoriligi bilan ajralib turadi.

Ushbu tavsiyanoma Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti assistenti B.B.Jaynarov, dotsent Z.J.Shapulatova, assistentlar J.X.Kurbanov, R.N.Eshquvvatovlar tomonidan tayyorlandi.