Aloqa uchun raqam

+998 (71) 271-64-26

Aloqa uchun raqam

+998 (71) 202-12-00

Qish mavsumida parrandalarni uy sharoitida parvarishlashga oid tavsiyalar

Dehqon, fermer va xususiy parrandachilikni rivojlantirishda veterinariya-sanitariya qoidalariga qat’iy amal qilish muhim ahamiyatga ega.

Jo‘jalarni uy sharoitida parvarishlash nihoyatda murakkab jarayon hisoblanadi. Parrandalar uchun qurilgan bino oldindan tayyorlanishi kerak.

Bunda chiqindi axlatlardan tozalanib kataklarga bo‘linadi, oziqlantirish va suv ichirish jihozlari o‘rnatiladi. Jo‘jalar qalin to‘shamali yerda, me’yoriy mikroiqlim sharoitida asralishi talab etiladi. Bino ta’mirlanishi, oqlanishi, dezinfeksiya o‘tkazilib, isitish, shamollatish va yetarli yoritish imkoniyati yaratilishi zarur. Dastlabki 5 kunda xona harorati +34–36 ºS bo‘lishi, so‘ng asta-sekin harorat tushirib boriladi. Jo‘jalar 10 kunlik bo‘lganida temperatura +26–28 ºS ni va so‘nggi har haftada +2 ºS dan pasaytirilib +18+20 ºS da saqlanishi lozim. Haroratni nazorat qilib borish uchun yerdan 1 m balandlikka termometrlar osib qo‘yilishi maqsadga muvofiqdir.

Jo‘jalarning harakatiga qarab xonadagi havoning haroratini aniqlash mumkin. Harorat me’yorida bo‘lsa jo‘jalar kataklarga bo‘lingan holda yoyilib yuradi, ishtahasi yaxshi bo‘ladi. Harorat past bo‘lsa, jo‘jalar bir joyga to‘planadi. Harorat ko‘tarilsa, salqin joy qidirib, kamharakatchan, ishtahasi past bo‘lib qoladi. Shu sababli parrandaxonalarda harorat tabiatning qaysi fasli bo‘lishidan qat’iy nazar +18–20 ºS atrofida bo‘lishiga erishilsa, parrandalar mahsuldorligi yuqori bo‘ladi va saqlanishi 95–98 foizdan kam bo‘lmaydi. Kuzgi va qishki mavsumda chetdan har xil qushlarning uchib kelishi, namgarchilik, ob-havoning sovuq bo‘lishi oqibatida parrandalarda har xil yuqumli, yuqumsiz va parazitar kasalliklar uchrab turadi. Bu kasalliklarning oldini olish maqsadida, parrandaxonalarda veterinariya-sanitariya qoidalariga qat’iy rioya qilish, mikroiqlimni muvofiqlashtirish, vitaminlarga boy ozuqalar bilan (bug‘doy, soya shroti, baliq uni, yog‘) oziqlantirish orqali parrandalar organizmi rezistentligini oshirishga katta e’tibor berilishi lozim.

Jo‘jalarga dastlabki kundan boshlab A, D, Ye, S va V guruhiga kiruvchi vitaminlarni me’yordagi miqdorlarda berib borilishi, ko‘pchilik yuqumsiz kasalliklarning oldini olib, jonivorlarni sog‘lom o‘sib yetilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, parrandalar ozuqasiga turli mikro va makroelementlarni ham qo‘shib berib borilishi maqsadga muvofiqdir. Jo‘ja va tovuqlarni albatta yo‘riqnomalar asosida emlash lozim. Tuxum yo‘nalishidagi parrandalar uchun yorug‘lik muhim ahamiyatga ega.

Yorug‘lik parrandalar uchun avvalo hayotiy protsesslarni regulyatsiya qilishi uchun zarur. Parrandalarda sut emizuvchilarga qaraganda, modda almashinuvi protsesslari va hayotiy ritmlari yorug‘lik ta’sirida bo‘ladi. Shuning uchun yorug‘lik asab va gumoral sistemalari orqali parrandalarda oziqlanish va o‘sish protsesslarini uyg‘otadi, shundan kelib chiqqan holda parrandaxonalarda yorug‘lik sistemalari to‘g‘ri tashkil qilish, ularning mahsuldorligini oshiruvchi omil hisoblanadi.

Yosh jo‘jalarning o‘sishi va rivojlanishini doimiy nazorat qilish uchun ular og‘irligi o‘lchab boriladi. Ikki oyligigacha har dekadada (10 kunda), so‘ngra esa 1 oyda bir marta, 40 kunlikdan boshlab jo‘jalarda birinchi qator patlarining almashinuvi hisobga olinadi, agar patlar almashinuvi to‘xtab qolsa, bu umumiy o‘sishdan, ya’ni rivojlanishdan qolishiga sabab bo‘ladi.

Katakdagi parrandalar uchun qulay yorug‘lik 20–30 lyuksni tashkil etadi. Yorug‘lik rangi ikkinchi darajali rol o‘ynaydi. Lekin shuni hisobga olish kerakki, qizil rangdagi yorug‘lik parrandalarda patlarni yeyish, o‘z-o‘zini va sherigini cho‘qish, ko‘k rangli yorug‘likda parrandalar o‘zini xuddi qorong‘ulikdagi kabi tutadilar.

Yorug‘lik uchun sexlarda elektr lampalari (40–100 vt) va lyuminisent lampalar LB-40, LBS-40 lampalardan foydalaniladi. Ularni bir-biridan 3,5–4 m uzoqlikda katak chekasida, oradagi yo‘laklarda joylashtiriladi. Lampalar shunday joylashtirilishi kerakki intensiv yorug‘lik hamma joyga bir xil tarqalsin. Oynasi yopiq binolarda jo‘jalarni o‘stirishda kunning tabiiy uzoqligini hisobga olgan holda yorug‘lik davrining davomiyligi jo‘jalarni o‘sishidan to tuxumga kirguncha qisqartirib boriladi.

Yuqorida ko‘rsatilgan tavsiyalarni hisobga olib, yorug‘lik parrandalar uchun qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini aslo unutmaslik zarur.

B.Ahmedov, S.Mavlonov agro.uz