2023-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Qozog‘istondan don va unning asosiy importchisiga aylandi.

Eldala.kz nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda Qozog‘iston 9 million tonna don va 2,2 million tonna un eksport qilgan.
“O‘zbekiston 4,5 million tonna bug‘doy va don ekvivalentida un sotib olgan asosiy xaridorga aylandi”, — deb yozadi nashr.
Shu bilan birga, O‘zbekiston 2024-yil yanvar oyida Qozog‘istondan 1,2 million tonna g‘alla sotib olishi kutilmoqda.

Yanvar oyi boshida O‘zbekistonga jo‘natilayotgan poyezdlar soni sezilarli darajada oshgan – bu miqdor kuniga 32-33 poyezd yukni tashkil etmoqda.

Ta’kidlash joizki, 2022-yilda ham Qozog‘iston donini eng ko‘p O‘zbekiston sotib olgan (qariyb 3 million tonna).

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil sentyabrida O‘zbekistonda un narxi ko‘tarilgandi. Bunga Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi g‘alla hosilining kamayishi fonida eksportga cheklovlar kiritgani sabab bo‘lgandi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi esa talab taklifdan yuqori ekanini bildirgandi.